Navro‘z xalqaro miqyosda. Samarqanddagi bahor bayramini Xitoydan kelgan ajdar qayiqlari bezadi
2024-yilning 21-mart kuni Samarqand shahri aholisi va mehmonlari uchun “Silk Road Samarkand” turistik markazining “Boqiy shahar” majmuasida o‘ziga xos madaniy voqea – “Navro‘z Regata” xalqaro festivalining nishonlanishi bilan esda qoldi.
Navro‘z sharq xalqlarning do‘stlik va birlik ramzi sifatida keng nishonlanuvchi qadim tarixga ega bayramlardan biridir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 4-martdagi “2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda Navro‘z bayramini “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida ommaviy sayillar, milliy qadriyat va an’analarimiz hamda zamonaviy tajribalar shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlash belgilandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2009-yil 30-sentyabrida Navroʻz UNESCO tarafidan nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan, 2010-yil 23-fevralda esa BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart “Xalqaro Navroʻz Kuni” deb eʼlon qilindi.

Ayni kunlarda qalblardagi Navro‘z zavqi va shukuhi fusunkor maydon va xiyobonlarga ko‘chgan. Shunga hamohang ravishda, “Silk Road Samarkand” turistik markazning “Boqiy Shahar” majmuasi suv havzasi bo‘yida xalqimizga bayram kayfiyati ulashish uchun joriy yilning 21-mart sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) “Silk Road Samarkand” turistik markazi, Shimoli-sharqiy energetika universiteti (NEEPU, Xitoy Xalq Respublikasi), “STEKLOPLASTIK” MChJ bilan hamkorlikda “Navro‘z Regata” festivali hamda Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan “Dragon Boat” musobaqalariga bag‘ishlangan xalqaro bayram tadbiri tashkil etildi. Festival mintaqaning haqiqiy ma’naviy va madaniy boyligini namoyish etuvchi unutilmas tajribadir.









Festival ishtirokchilar qalbini quvonch va ilhomga to‘ldirib, madaniy tadbirlarning keng dasturini taqdim etdi, jumladan suv havzasi boʻyida milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi va varraklar uchirildi. Tadbir san’atkorlarning konsert dasturlari, yurtimizning ardoqli shoirasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, SIUT professori Xosiyat Bobomurodova she’rlari, xususan, Universitet talabalar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, xushovoz xonanda Zulfiya Rashidova tomonidan go‘zal kuy-qo‘shiqlar,va xoreograf Kamila Qosimova boshchiligidagi SIUTning ijodkor talabalaridan tarkib topgan “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi tomonidan tayyorlangan xitoy va koreys milliy raqslari va etnik o‘yinlari hamda Xitoy va O‘zbekiston milliy va dizaynerlik liboslari namoyishi bilan boyitildi. Shuningdek, festival davomida universitetning xorijiy professor-o‘qituvchilari boshchiligida xitoy, hind, turk xalqlarining choy marosimlari o‘tkazildi.








Festivalning asosiy voqeasi – qayiqlar paradi bo‘lib, unda Xitoylik professional sportchilar, akademik eshkak eshish va kanoeda suzish boʻyicha Osiyo chempionlari va sovrindorlari hamda SIUT talabalarini o‘z ichiga olgan “Irbis” sport klubi a’zolaridan iborat ekipajlar Boqiy Shahardagi suv havzasi bo‘ylab harakatlandilar. Qayiqlar paradi boshida Xitoy Xalq Respublikasidan festival uchun maxsus olib kelingan beshta “Dragon boat” qayiqlari suzdi. Kortej Xitoyning qadimiy an’ana va urf-odatlariga hurmatning yaqqol ifodasi sifatida “Ajdarlar”ning rang-barang shousi bilan birgalikda o‘tkazildi.



Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chi Runlin Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlaydigan “Navro‘z Regata” festivalini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

Ushbu festival doirasida “Navro‘z Regata Cup” xalqaro musobaqalarining har yili o‘tkazilishi rejalashtirilgani, shubhasiz, madaniy va sport tadbirlari rivoji uchun yangi ufqlarni ochib, O‘zbekistonda yangi sport turi – ajdaho qayiqda eshkak eshishni ommalashtirishga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, biz ham xorijlik professor-o‘qituvchilarimizdan bu yilgi Navro‘z tantanalari haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:
Universitet professori Annemarie Basson (Janubiy Afrika):
Bu ajoyib mamlakatdagi ikkinchi Navro‘z bayramini turli millat vakillaridan iborat “SIUT katta oilasi” bilan birga nishonlayotganimdan g‘ururlanaman. Madaniyatlarning turfa xilligi bu kunni chinakam xalqaro tantanaga aylantirdi. Albatta, kunning eng muhim voqeasi professor Liu Chuang boshchiligida Xitoy energetika instituti tomonidan ajoyib tarzda tashkil etilgan “Ajdaho” qayiqlari poygasi bo‘ldi. Ushbu betakror lahzalarni bizlarga taqdim etgan tadbir tashkilotchilaridan minnatdorman!
Xitoy energetika instituti (SIUT) dekani, professor Liu Chuang:
“Navro‘z Regata” festivali haqiqatdan ham ajoyib va chuqur taassurot qoldirdi hamda ikki universitet o‘rtasidagi madaniy almashinuv va hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Shimoliy-Sharqiy energetika universiteti tomonidan Samarqanddagi ushbu tadbirda ishtirok etish uchun “ajdar qayiqlari” professional jamoasi yuborildi. Bu nafaqat ikkala oliygohning hamkorlikdagi ta’limga qanchalik ahamiyat berishini ko‘rsatibgina qolmay, balki ikki muassasa o‘rtasidagi o‘rnatilgan mustahkam do‘stlikdan dalolat beradi. Ikki universitet o‘rtasidagi ko‘prik va hamkorlik kelgusida yanada ko‘proq samaralar berishiga umid qilamiz.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport murabbiysi, SIUT “Irbis” sport klubi direktori, Vyacheslav Yuldashev:
Bu bayram xalqlarimizni tarixiy, madaniy urf-odat, an’analarini namoyish etibgina qolmay, balki azaliy sport o‘yinlarimiz, tarixiy ildizlarga ega ajdodlarimizni sport o‘yinlarini ham o‘zida mujassam etgan bayramlaridan biridir. Bu yilgi Navro‘z ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi va an’anaviy tadbir qatorida yangi tomoshalar bilan xalqimizni quvontirdi. Ayniqsa, Xitoy va O‘zbekiston sportchilari o‘rtasida “Dragon boat” qayiqlarida ko‘rgazmali musobaqa o‘tkazilishi ko‘pchilikka juda manzur bo‘ldi. Bu bayram nafaqat Navro‘z tantanasi, balki sport bayrami desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.


Shimoli-sharqiy energetika universiteti (NEEPU, Xitoy) “Dragon Boat” eshkak eshish jamoasi:
“O‘zbekistonda bo‘lganimizda nafaqat SIUTning “ajdaho” qayiqlarda eshkak eshishga bo‘lgan ishtiyoqini, balki mahalliy aholining ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishini ham his qildik. Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan bunday tadbirda ishtirok etish biz uchun katta sharaf va g‘ururdir. Tadbir davomida biz SIUT rektori – professor Yusuf Abdullayevning madaniyatni rivojlantirishga strategik yondashuvi va SIUTning madaniy boyitishga qanday ustuvor ahamiyat berayotganiga ham guvoh bo‘ldik. Festivalda sport va san’at sohasida tajriba almashish, ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, madaniy almashinuv chegaralarini kengaytirish kabi muhim jarayonlar amalga oshdi. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda “Dragon Boat”da eshkak eshish sporti rivojlanib, jahon miqyosida e’tirofga sazovor bo‘ladi”.