Skip to main content

SIUT kampusi O‘zbekiston Xalq rassomi Bahodir Jalolovning freskalari bilan bezatiladi

Joriy yilning 2-aprel kuni SIUTda taniqli musavvir, O‘zbekiston xalq rassomi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori – Bahodir Jalolovning freska loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur devoriy suratlar joriy yilning sentabr oyida ochilishi rejalashtirilgan universitet o‘quv binosi foyesining sharqiy devorini bezatadi.

fresco1

Freska muallifining ta’kidlashicha, u zamonaviy ilm-fan va texnologiya taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan inson mavjudligini aks ettiradi.

“Dunyo doimiy ravishda ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda va bu devoriy rasm atrofimizdagi dunyo qanchalik xilma-xil ekanligini ko‘rsatadi”.

fresco2

Rassomning syurrealistik uslubda ishlangan sujetlari, diqqatni tortadigan yorqin ranglar va shakllar bilan to‘ldirilgan. Bundan tashqari, muallif freska ranglar hamohangligida mahoratli usullardan foydalangan, unga ko‘rish burchagi, tomoshabinning “kayfiyati” va yorug‘lik o‘yinlariga qarab, turli xil talqinlarda taqdimotning o‘ziga xosligini bergan. Mukammal yaratilgan san’at asari tomoshabinni uzoq o‘yga toldirishi, hayolot olamiga olib kirishi, ma’naviy ozuqa, estetik zavq bag‘ishlashi muqarrar. Suratlardagi go‘zallik, tasviriy san’at asari ixlosmandlarini o‘ziga jalb etib, maftun etmay qolmaydi, albatta. Bu esa, o‘z o‘rnida, turli falsafiy mushohadalarga, rassomning olamdagi tutgan o‘rni haqidagi fikrlarga, sir va mazmunlarni anglashga yo‘llaydi. Freskadagi tasvirlar taqdimotda ishtirok etgan universitetning professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi: har kim rasmni o‘ziga xos tarzda “ko‘rdi”. Ustoz Bahodir Jalol (Jalolov) freskaning asosiy g‘oyasi aynan mana shu – statik rasm bo‘lgan holda o‘zini butunlay boshqacha ko‘rinishda ko‘rsatish qobiliyati ekanligini ta’kidladi.

fresco3

“Uzoq yillar xorijda yashab faoliyat yuritdim, tajribali usta rassom va haykaltaroshlar bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim, ularning har biridan katta tajriba o‘rgandim. Ayniqsa, tarixda Pritsker mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol arxitektor va dizayner Zaha Hadidning ishi meni ilhomlantirgan va haligacha u kishining mahorat bilan ishlangan asarlaridan ilhomlanaman. Fikrimcha, Zaha Hadidning har bir asari abadiy. SIUTning devoriy surati ustida ishlayotganimda, Ilon Mask, Stiven Hoking va Bill Geyts kabi zamonamizning buyuk shaxslari tomonidan yaratilgan nodir asarlarini qayta ko‘rib chiqdim va yangi g‘oyalardan ilhomlanib ushbu freskani yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Freska mangulikka yo‘l sifatida ko‘rsatilgan, lekin u hayotning eng boshidan boshlanadi, ya’ni inson tug‘ilishidan...” – deb alohida ta’kidladi muallif Bahodir Jalol o‘z nutqida.

fresco4

Taqdimot yakunida faxriy mehmon, O‘zbekiston Xalq rassomi Bahodir Jalol SIUT kutubxonasiga o‘zining ijodiga bag‘ishlangan, Italiyaning afsonaviy xalqaro SKIRA nashriyotida chop etilgan “A Line to Eternity” (Abadiyatga bir chiziq) nomli katta hajmli monografiyasini sovg‘a qildi. Rassom tavalludining 70 yillik yubeyigiga (2018) bag‘ishlab tayyorlangan, ushbu kitob shunchaki rеtrospеktiv emas, balki turli mashaqqatlar bilan erishgan yutuqlarini namoyon etuvchi, rassomning “hayoti va ijod yo‘li”ni aks ettiradi. Monografiyada musavvirning asarlari, grafikasi va monumental devoriy rasmlari 170 ta illyustratsiya bilan ifodalangan.