Skip to main content

CIEP talabalari uchun HSK imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi

SIUT qoshidagi Xitoy elektr energetika instituti (CIEP – Chinese Institute of Electric Power) talabalari uchun jadalashtirilgan xitoy tili kurslari o‘tilmoqda. Birinchi bosqich talabalari, qisqa muddat bo‘lishiga qaramasdan, bu murakkab ishda ba’zi bir yutuqlarga erishdilar, biroq mazkur bilimlarni mustahkamlash uchun ularning oldida yana bir muhim vazifa – HSK imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirish masalasi turibdi. HSK (Hanyu Shuiping Kaoshi) imtihoni asosan XXR hududida qo‘llaniluvchi standart xitoy tili (Xitoy mandarin tilining bir turi)ni oʻrganuvchi chet ellik talabalar va xorijdagi ona tili xitoycha boʻlmaganlar uchun moʻljallangan test. HSK malaka imtihoni xorijlik talabalar uchun sertifikatlashning yagona shakli hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, HSK imtihonining natijalari butun dunyoda tan olinadi.

SIUT professori Xiaohui Wang tashabbusi bilan mazkur imtihonga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsini Samarqand shahridagi Konfutsiy instituti professori – Bao Liyang olib bordi.

hsk 2

Professor Bao Liyang – malakali xitoy tili o‘qituvchisi, xitoy tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan talabalar uchun ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar muallifi.

Mahorat darsi interaktiv shaklda va toʻliq xitoy tilida oʻtkazildi. Unda imtihonning bosqichlari haqida ma’lumot berildi. Professor Bao Liyang ta’kidlaganidek, imtihonga ruhiy va nazariy tayyorgarlik ko‘rishdan oldin, xilma-xil va boy Xitoy madaniyatini chuqur o‘rganishdan boshlash lozim. Xorijiy talabalarga xitoy tilini o‘rgatish metodologiyasida professor aynan shu narsaga e’tibor qaratadi.

CIEP talabalari HSKga tayyorgarlik bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar va ular uchun bunday mahorat darslarini muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilgan. Eslatib o‘tamiz, SIUT qoshidagi Xitoy elektr energetikasi instituti talabalarining o‘qishlarini Xitoyda davom ettirishlari “Double Diploma” dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.