Skip to main content

SIUT talabasi Xitoyda o‘tkazilgan Yoshlar bahor oromgohida qatnashdi

2024-yilning 13-aprelidan 26-apreliga qadar Xitoyning Urumchi va Shanxay shaharlarida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) mamlakatlari talabalarini xitoy tili va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Xitoy ko‘prigi” bahorgi yoshlar oromgohi tashkil etildi. Mazkur oromgohning ochilish marosimida 8 ta ShHTga a’zo davlatlardan (Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston va Eron) 500 ga yaqin talabalar ishtirok etdilar. Quvonarlisi, O‘zbekistonlik 20 nafar iqtidorli talabalar orasida SamDChTI qoshidagi Konfutsiy instistuti talabalari bilan bir qatorda SIUT qoshida tashkil etilgan Xitoy elektr energetikasi instituti birinchi bosqich talabasi Fazliddin Muxammadiyev ham bor.

chb3

Safar mobaynida talabalar Xitoyning nufuzli oliygohlari: Shanxay xorijiy tillar universiteti, Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti, Shinjon san’at universiteti hamda Shinjon pedagogika universitetilarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar Shinjon san’at universitetining madaniyat markazida tashrif davomida muassasaning rivojlanish tarixi va har bir kishi Xitoy rasmi, xattotlik va veychi kabi go‘zal an’anaviy madaniyat bilan tanishtirildi; ular universitet o‘quvchilarining ajoyib dramatik va raqs chiqishlarini tomosha qilishdi. Shuningdek, talabalar Xitoy choy marosimi madaniy tadbirida ishtirok etdilar.

chb1

chb2

chb4

Bundan tashqari, talabalar Shanxayning ikkita eng mashhur diqqatga sazovor joylari “Sharq gavhari” minorasiga va Vaytanga ham tashrif buyurdilar. Sharq gavhari minorasi zamonaviy radio va televideniye minorasidir. U 1994 yilda qurilgan va balandligi 468 metrni tashkil qiladi. U bir vaqtlar Xitoydagi eng baland bino va Xitoy modernizatsiyasining ramzlaridan biri edi. Vaytang – Shanxay markazida joylashgan hudud. Bu hududda dunyoning turli mamlakatlaridagi uslubdagi o‘nlab ko‘p qavatli binolar mavjud bo‘lib, ular taxminan yuz yil oldin qurilgan. U nafaqat Shanxay shahrining rivojlanish tarixini qayd etadi, balki Xitoyning globallashuvining ramzi ham hisoblanadi.

chb main

Talabamiz Fazliddin Muxammadiyev safar taasurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Intilganga tole yor deb bejizga aytishmagan ekan, qariyib bir yil davomida ustozlarimiz yordamida xitoy tilidan egallagan bilimlarimni amalda qo‘llash uchun eng zo‘r imkoniyatlardan biri bo‘ldi. Esda qolarlisi, tadbirni ochilish marosimida barchamiz “Xitoy ko‘prigi” qo‘shig‘ini xitoy tilida kuyladik.

chb5

Bundan tashqari, Shanxay xorijiy tillar universitetida vatandoshimiz professor Xurshid Musurmonovning qiziqarli ma’ruzasi davomida Xitoyda o‘qish imkoniyatlari va u kishining ta’lim tajribalariga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik”.

Eslatib o‘tamiz, SIUT qoshidagi Xitoy elektr energetikasi instituti (eng. CIEP – Chinese Institute of Electric Power) talabalarining o‘qishlarini Xitoyda davom ettirishlari “Double Diploma” dasturiga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu institutda o‘qish “2+2” shaklida amalga oshiriladi, ya’ni talabalar 2 yil O‘zbekistonda va  2 yil Xitoyda o‘qish orqali bir yo‘la ikkita diplom sohibiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ta’kidlash joizki, CIEP talabalari ingliz va xitoy tillarida ta’lim oladilar.