Xitoy bilan hamkorlikning yangi istiqbollari
Mamlakatimiz va Xitoy Xalq Respublikasining turli sohalardagi hamkorlik aloqalari ildizi ko‘p yillik tarixga ega. Ushbu hamkorlik aloqalarining tobora rivojlanib borayotgani, jumladan ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, madaniy-gumanitar shuningdek, yuqori texnologiyalar va elektr energetikasi sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.
O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda, tabiiyki, yuqori texnologiyali energetika muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda energetika sohasida yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha 2023-yilning 6-aprelida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) va Xitoyning “Northeast Electric Power University” (NEEPU) universiteti o‘rtasida Xitoyning global energetikani rivojlantirish borasidagi muhim yutuqlaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.
2023-yil 18-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning XXRga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2023-2027-yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risidagi dastur imzolandi. Quvonarlisi, mazkur dastur doirasida yurtboshimiz tomonidan imzolangan 41 hujjat orasida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining Xitoyning “Northeast Electric Power University” hamda “Tianjin University of Science and Technology” universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari ham mavjud.
2023-yil sentabr oyidan boshlab SIUT qoshida Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri “Northeast Electric Power University” (NEEPU) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xitoy energetika institutida “Issiqlik energetikasi” ixtisosligi bo‘yicha bakalavriat bosqichida talabalar tahsil ola boshladilar. Ushbu institutda o‘qish “2+2” shaklida amalga oshiriladi: bunda talabalar dastlabki 2 yillik ta’limni O‘zbekistonda keyin 2 yillik ta’limni Xitoyda o‘qish orqali biryo‘la ikkita diplomni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladilar. Ta’kidlash joizki, talabalar o‘zlari tanlagan mutaxassislik bo‘yicha ingliz va xitoy tillarida ta’lim oladilar. Ushbu yo‘nalishda tahsil olgan talabalar birinchi kursdanoq jadallashtirilgan xitoy tili kurslari bilan bir qatorda ushbu mamlakatning urf-odatlari va madaniyati bilan ham yaqindan tanishmoqdalar.
Darvoqe, 2024-2025 o‘quv yili uchun Xitoy energetika institutida “Issiqlik energetikasi” va “Elektr muhandisligi va uni avtomatlashtirish” ixtisosligi bo‘yicha jami 40 ta kvota ajratilgan.

Joriy yilning 13-14-may kunlari SIUTga Xitoyning NEEPU Universitet Kengashi raisi – professor Zhang Jinghui boshchiligidagi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiya tarkibidan Han Shumin (Xalqaro hamkorlik va almashinuv idorasi direktori), professor Wang He (Elektrotexnika fakulteti dekani) hamda professor Hong Wenpeng (Energetika va elektromuhandislik fakulteti dekani) yuqori martalabali mehmonlar o‘rin olganlar.
Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev oliygohda ta’lim sifati eng oliy o‘rinda ekanligini ta’kidlab, yuqori martabali mehmonlarga universitetning ikki yil davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, xalqaro hamkorlik natijasida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari, ta’lim yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari haqida batafsil to‘xtaldi.
Shuningdek, rektor “Xitoy bilan hamkorlikda dunyo standartlari darajasidagi muhandis energetiklar tayyorlashni maqsad qilganmiz”,- deya ta’kidladi, o‘z nutqi davomida. O‘z navbatida, NEEPU Universitet Kengashi raisi – professor Zhang Jinghui universitetnining qisqa muddat ichida erishgan muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etib, uning iqtisodiyotga va soha taʼlimi rivojiga qoʻshayotgan hissasini yuksak baholashi va qadrlashini aytib o‘tdi. Professor Zhang JingHui oliygohlar o‘rtasida hamkorlikning yanada mustahkamlanishi hamda rivojlanishi yo‘lida doimo yordamga tayyor ekanligini, ushbu hamkorlik rishtalarining qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.


Shundan so‘ng, “Northeast Electric Power University” delegatsiyasi a’zolari Xitoy energetika instituti faoliyati bilan tanishish maqsadida professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Energetika va elektromuhandislik fakulteti dekani Hong Wenpeng yig‘ilganlarni NEEPU faoliyati bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida SIUT va NEEPU oʻrtasida oʻzaro aloqalarni kengaytirish; qoʻshma taʼlim va ilmiy loyiha va dasturlarni amalga oshirish; taʼlim, fan, madaniyat va axborot almashinuvini rivojlantirish hamda oliy o‘quv yurtlarining innovatsion, intellektual va moddiy-texnik salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, NEEPU Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “Dragon boat” sport o‘quv markazini tashkil etish hamda uni boshqarishda ko‘maklashish uchun xitoylik mutaxassislarni yuborishi belgilandi. Shuningdek, memorandumda O‘zbekiston Dragon Boat terma jamoasini shakllantirish, jamoaning xalqaro musobaqalarda ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid kelishuvlar ham qayd etilgan.
NEEPU delegatsiyasining rasmiy tashriflari dasturidan Samarqandning tarixiy obida va qadamjolarni ziyorat qilish ham o‘rin oldi.
Ma’lumot uchun: Xitoyning “Northeast Electric Power University” (NEEPU – Shimoli-sharqiy elektr energetika universiteti) Girin provinsiyasidagi nufuzli universitetlardan biridir. Xitoy Xalq Respublikasida 1949-yilda tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasi hududda ochilgan ilk elektroenergetikaga ixtisoslashgan oliygohi hisoblanadi. Hozirda NEEPUda 21,000 nafardan ziyod talabalar tahsil olishmoqda. Universitetda 14 ta maktab va kafedra, 50dan ortiq bakalavriat va magistratura dasturlari mavjud bo‘lib, ular muhandislik, fan, menejment, san’at, huquq, iqtisod va pedagogika kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Universitet elektrotexnika, energetika va muhandislik termofizikasi hamda nazorat va muhandislik ixtisosligi bo‘yicha xalqaro miqyosda doktorlik darajasini beruvchi oliygoh sanaladi.