“Boqiy shahar”da “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” II Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi
Vaqt tinimsiz olg‘a intilayotgan, hayot ritmi tobora tezlashib borayotgan dunyoda turli madaniyat, millat va avlod vakillarini birlashtira oladigan o‘zgarmas azaliy qadriyatlar bor. Ushbu qadriyatlardan biri choy – asrlar davomida insoniyatga hamroh bo‘lgan, uning tarixi, an’analari va ma’naviy hayotining ajralmas qismiga aylangan ichimlik.
Ushbu ichimlikning insoniyat uchun ahamiyati BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, 21-may – Xalqaro choy kuni sifatida nishonlanadi. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, an’analariga sodiq holda, 2024-yilning 20-may sanasida “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazining “Buyuk Samarqand” restoranida “Choy, Madaniyat, Tinchlik!”, “Enjoy Tea with SIUT” shiori ostida II Xalqaro festivalini o‘tkazdi. “Xalqaro choy kuni”ga bagʻishlangan mazkur festival “Bir makon-bir yoʻl” nomli xalqaro hamkorlikning global tashabbusi hamda Oʻzbekistonda e’lon qilingan “2024 yil – Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” doirasida amalga oshirildi.
Bu yilgi festival xalqaro miqyosda keng nishonlandi desak xato bo‘lmaydi. Sababi, festival “Teo, Amo kaj la Mondo” (“Choy, Sevgi va Olam”) xalqaro loyihasi, Tyanjin Esperanto uyushmasi (TEA), Tyanszin fan va texnologiya universiteti (TUST), Xalqaro Fond choy madaniyati (ITCB), Chjejiang qishloq xo'jaligi va o‘rmon xo'jaligi universiteti (ZAFU), Xitoy Xalq Respublikasining Xorijiy tillardagi nashriyoti (Foreign Languages Press), shuningdek, “Amir Tea Samarqand” MChJ, “HAPPY TEA” ilmiy-texnik kompaniyasi, “YANBA” savdo belgisi, Jingzhaotang oilaviy korxonasi, Yipiancha madaniy-ma’rifiy studiyasi, “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazi, “Buyuk Samarqand” restorani, “Minyoun Hospitality”, NEEPU, Samarqanddagi Konfutsiy instituti kabi tashkilot va muassasalar hamkorligida tashkil etildi. Xitoydan SIUTga festival arafasida choyning oliy navlaridan yangi namunalari; choy aksessuarlari; Samarqand, Tyantszin va Xanchjou haqidagi kitoblar; rang-barang fotosuratlar; choy haqidagi klassik xitoy xattotligidan namunalar keltirildi.


Choy festivali madaniy almashinuv va dunyoning turli mamlakatlaridagi choy an’analari bilan tanishish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi. Ishtirokchilar xushbo‘y ichimliklarni ta’tib ko‘rish; Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Yaponiya va O‘zbekistonda choy tayyorlash hamda choy marosimlarini o‘tkazish san’ati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. E’tiborlisi, choy marosimlarida SIUTning xorijiy professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Masalan, kamerunlik professor Jimbo Henry Claver an’anaviy yapon choyi marosimini taqdim etdi; SIUT qoshidagi tashkil etilgan Xitoy energetika instituti jamoasi esa Samarqanddagi Konfutsiy instituti bilan hamkorlikda – Xitoy choy marosimini; Professor Mohammed Gouse Galety – Hindiston choy marosimini; Koreya madaniyati markazi rahbari Kim In Tae boshchiligida uning rafiqasi va KITC talabalari bilan birgalikda – an’anaviy koreys choyi madaniyati bilan barcha festival mehmonlarini tanishtirdilar. O‘zbek choyi marosimini esa festivalning doimiy hamkori – “Amir Tea Samarqand” MChJ taqdim etdi.





O‘z navbatida, SIUT Media markazi ham xorijlik professor-o‘qituvchilarning festivaldan olgan taassurotlariga quloq tutdi:
“Bugun biz ajoyib voqeaning guvohiga aylandik. Menga eng katta taassurot qoldirgani, dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlarning choy ta’tib ko‘rishdan zavqlanishi, boshqa millatlarning choy marosimlariga qiziqishi bo‘ldi. Shu bilan birga, Samarqand Konfutsiy instituti professori Liyang Baoga ajoyib choy tayyorlash san’ati va Xitoy choyi marosimini oʻtkazishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun minnatdorchilik bildiraman”, – Xitoy energetika instituti dekani, professor Liu Chuang.
“Hindistonning turli mintaqalarida choy tayyorlashning o‘ziga xos usullari mavjud. An’anaviy hind masala-choyi Hindistondan tashqarida ham sevimli ichimlikdir. Ushbu choyni tayyorlash sirlari bilan bo‘lishmoqchiman. Choy tayyorlash uchun qora choy barglarini sut va suvda damlab, keyin shakar qo‘shiladi. Masala-choyiga xushbo‘y ziravorlar: zanjabil, dolchin, chinnigullar, kardamon, shuningdek, yalpiz va limon qo‘shishingiz mumkin. Ayniqsa, jamoatchilikning choy madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi, an’analarni asrab-avaylash va uning bir qismi bo‘lish istagi meni quvontiradi!” – dedi IT departamenti direktori, professor Mohammed Galety.
Koreya madaniyati markazi direktori, professor Kim In Tae: “Butunjahon choy kunida Koreya choy madaniyatini tanishtirishdek ajoyib imkoniyatga ega bo‘lish jamoamiz uchun katta sharaf. Koreya madaniyati ikki ming yillik tarixiga ega. Koreys xalqida shunday gap bor: “Bir mamlakatning madaniyatini bilmoqchi bo‘lsang, choyini bilishing kerak”. Choy uzatishda ham odob-axloq qoidalari mavjud. Boshqa xalqlar kabi koreys xalqi ham choy ichishni xush ko‘radilar. Oila a’zolarim va talabalarimiz bilan koreys choylari bilan mehmonlarni xushnud etishga harakat qildik”.
Festival doirasida “Teo, Amo, kaj la Mondo” (“Choy, Sevgi va Olam”) nomli noyob tematik fotoko‘rgazmasi; “Choy sirlarini kashf eting” viktorinasi va choyga oid yozilgan kitoblar koʻrgazmasi, an’anaviy choy aksessuarlari taqdimoti oʻtkazildi.




Hakamlar hay’ati tomonidan festival mavzusidagi o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarga esdalik sovg‘alar topshirildi. Konsert dasturi SIUT badiiy rahbari, xoreograf Kamila Qosimova boshchiligidagi “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasi chiqishlari; universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi mudiri Zulfiya Rashidova ijrosidagi betakror qo‘shiqlar, shuningdek, talabalar – Xumora Beknazarova va Sherali To‘ramurodov dueti bilan tadbirga fayz kiritdi. Shuningdek, SIUT professori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, shoira Xosiyat Bobomurodova bayram uchun maxsus yozgan choy haqidagi she’rini o‘qib berdi.

Ko‘plab festival hamkorlarining videotabriklari kunning alohida esda qolarli voqeasi bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi janob Yu Junning festival uchun yo‘llangan iliq videomurojaati; yetakchi choy mutaxassislari, ya’ni, Xalqaro Choy madaniyati jamg‘armasi rahbari, bir qator badiiy va ilmiy ishlar, jumladan, “Choy ustalari haqidagi trilogiya” fundamental asari muallifi, professor Wang Xufeng; Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy tillardagi adabiyoti nashriyoti direktori va Xitoy Esperanto ligasi vitse-prezidenti janob Hu Kaimin; Tyantszin Fan va Texnologiya Universiteti Xalqaro almashinuvlar departamenti direktori, professor Wu Zhenjun; Tianjin Esperanto assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Xue Hongya xonim; shuningdek, “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi ishtirokchilarining esperanto va boshqa koʻplab tillarda 31 ta davlatdan kelgan tabriklari bilan boyitildi.



II Xalqaro choy festivali an’anaga ko‘ra, SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayevning tabrik so‘zi bilan yakunlandi. “Choyning insoniyat uchun bebaho ahamiyati bor... Hayotimizni choysiz tasavvur etib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi professor, va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan har yili o‘tkaziladigan Xalqaro choy festivaliga mezbonlik qilishi choy bilan bog‘liq ko‘p ming- yillik an’analar – madaniyat, tinchlik va ezgulik timsolidir!”

Festival arafasida “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi rahbariyati choy ichish madaniyati va tinchlikni yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayevga “Choy, madaniyat va tinchlik elchisi” (Ambasadoro de Teo, Kulturo kaj Paco) faxriy unvoni berildi. Tegishli diplomni Xalqaro Choy madaniyati fondi (ITCB) rahbari professor Wan Xufeng, shuningdek, Tyantszin Fan va Texnologiya Universiteti (TUST) va Tianjin Esperanto Uyushmasi (TEA) rahbariyati vakillari imzoladilar. Ta’kidlash joizki, professor Yu.N. Abdullayev ushbu noyob faxriy mukofotning ilk sovrindori bo‘ldi.

Festival ishtirokchilari tomonidan afsonaviy “Yalla” guruhining unutilmas “Musiqiy choyxona” qoʻshigʻi ijrosi festivalning oʻziga xos “madhiyasi”ga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Choy, madaniyat, tinchlik!” II Xalqaro festivali choy ixlosmandlari, choy sanoati mutaxassislari va dunyoning turli xalqlarining boy choy madaniyati bilan tanishishni istagan barchani birlashtirgan madaniy tadbirga aylandi.