“Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirilmoqda
Yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish, xalqimizning badiiy savodxonlik darajasini oshirish, yurtimizdagi islohot va yangilanishlarning mazmun-mohiyatini yoshlar hamda aholi ongiga to‘laqonli ravishda yetkazish, o‘zlikni anglash hamda ajdodlarga munosib avlod bo‘lish kabi ezgu g‘oyalarni targ‘ib etish maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va mahallalar hamkorligida ziyolilar, ijod ahli bo‘lgan shoir yozuvchilar va adiblar ta’lim muassasasi, maktab va mahallalarga taklif etilib, o‘quvchi yoshlar, hududlar aholisi bilan adabiy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Shunday adabiy-ma’rifiy uchrashuvlardan biri Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga biriktirilgan Ishtixon tumanining 58 va 59-umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi.

Taniqli ijodkor, el ardog‘idagi shoira, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi, shoira, jurnalist, Zulfiya Moʻminova, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari professor Umedullo Mahmudov hamda universitet matbuot kotibi Asila Ibragimovalar “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Ishtixon tumanida joylashgan 58 va 59-sonli o‘rta umumta’lim maktablari mehmoni bo‘ldilar.

Adabiy-ma’rifiy uchrashuvda mehmonlar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, yoshlarning kitob mutolaasiga hukumat darajasida qaratilayotgan e’tibor, kitob mutolaasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning badiiy, ilmiy ijodkorligini yanada rivojlantirish, mutolaani ommalashtirish yoshlar siyosati bo‘yicha davlat dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladilar. Bundan tashqari, shoira Zulfiya Mo‘minova yot g‘oyalarga qarshi birgalikda kurashish, yoshlarni har jihatdan barkamol avlod sifatida voyaga yetkazish zarurati, yoshlarga mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar xususida to‘xtalib o‘tdi hamda o‘zining mavzuga oid ijod namunalaridan yig‘ilganlarga o‘qib berdi. Shuningdek, ijodkor o‘z hayot yo‘llari, ijodiy asarlari hamda ma’rifatga, ilm va ta’limga chorlovchi asarlarining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlar bilan o‘rtoqlashdi. Uchrashuv davomida yoshlar qalbida adabiyotga, san’atga mehr-muhabbatni kuchaytirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish haqida so‘z bordi. Qizg‘in va samimiy o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilar sevimli ijodkorlarining yod olgan sara she’rlaridan o‘qib berdilar.

Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ijodkordan atroflicha javoblar oldilar. Tadbir qizg‘in savol-javoblar va fikr-mulohazalar almashinuvi bilan yakunlandi.