Samarqandda MDH davlatlari kutubxonachilarining xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15-17-may kunlari SIUT kutubxonasi xodimlari “2024 yil MDHning madaniy poytaxti” – Samarqandda davlatlararo dasturi doirasida boʻlib oʻtgan “Central Asia – 2024. Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro konferensiyada MDHga a’zo davlatlar milliy kutubxonalarining 30 ga yaqin rahbarlari va yetakchi mutaxassislari, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, arxivlar, muzeylar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, kompyuter texnologiyalari, AKT mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida kutubxona axborot resurslarini targ‘ib etish, xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanishning samarali usullari, kitobxon madaniyatini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, konferensiya doirasida kutubxona mutaxassislari “Samarali kutubxona xizmati uchun ilg‘or axborot texnologiyalari” nomli mahorat darsida ishtirok etib, kutubxona faoliyatini kompleks avtomatlashtirish masalalariga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Konferensiya tashkilotchilari: MDHga aʼzo davlatlarning gumanitar hamkorlik boʻyicha Davlatlararo jamgʻarmasi, Yevroosiyo kutubxonalar assambleyasi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.