Tаfаkkur gulshаni: insonlаrgа tinchlik ulаshishni uddаlаgаn inson
Tinchlikga yo‘naltirilgan taʼlim sohasida o‘ta taniqli maʼrifatparvar va mualliflardan biri, Xalqaro kognitiv pedagogika institutining (Atrium Peace Institute) asoschisi va direktori doktor Terrence Webster-Doyle 2023-yilning 16-iyunida 83 yoshida АQShning Kolorado shtatiga qarashli Paoniya shahrida hayot bilan vidolashdi.

Terrence Webster-Doyle vafotining bir yilligi oldidan uning yangi kitobi rus tilida chop etildi. Mazkur nashrdan Terrence Webster-Doylening 2020-2022-yillar davomida yozgan asarlari tarkibiga kiruvchi sara matnlar, yaʼni insholar, maʼruzalar, maqolalar, maktublar, izohlar va qaydlardan parchalar o‘rin oldi. Kitobga so‘z boshi sifatida Samarkand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Negmatovich Аbdullayevning nutqi taqdim etilgan. Taniqli maʼrifatparvar arbob tomonidan yozilgan keng qamrovli kitoblar jamlanmasining eng sara qismlarini bir joyda to‘plash orqali mazkur kitobni nashr etishdan maqsad kitobxonga o‘zini qiziqtirgan kitobni tez va oson mutoalaa qila olishi uchun yengillik taqdim etishdir. Kitob tinchlik madaniyati ko‘nikmalarini egallash istagida bo‘lgan hamda odamlar o‘rtasidagi nizolar va kelishmovchiliklarning oldini olishni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilgan barcha insonlar uchun tavsiya etiladi. Mazkur nashr birodarlashgan shaharlar Samara va Samarqanddagi xalq diplomatiyasi ekspertlarining hamkorligida va bevosita ishtirokida tayyorlanilgan.
Odamlarni bir-biriga dushman bo‘lishi va o‘zaro urushishi oldindan belgilanib qo‘yiladimi? Qanday qilib hayotni yanada xavfsizroq va samimiyroq tusga kiritish uchun odamlarni to‘g‘ri fikrlashga o‘rgatish hamda qay tarzda tinchlik madaniyatini inson shaxsiga qaytarish mumkin? Аgarda inson xurofot va toqatsizlikka tushishdan o‘z ongini tozalay olsa, o‘z totinchlik tabiatini tushuna olsa va his-tuyg‘ularini jilovlay bilsa, u ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin.
Kishilik jamiyatida qo‘rqish va zo‘ravonlikni dastlabki sabablarini bilish hayotni tinch va samimiy bo‘lishini taʼminlash uchun asosiy yo‘ldir. Biz «barcha yo‘llar tinchlik sari yetaklaydi» - deymiz va shu sababli ham o‘zligimizni anglash orqali o‘sha «barcha yo‘llar»ni egallashimiz lozim. Аgarda bir-birimizni tushunish bizni yaqinlashtirsa, ong va teran tafakkurimiz orqali haqiqatan ham barcha odamlarni, butun insoniyatni birlashtirishimiz mumkin. Zero biz – bu tinchlik, tinchlik bu bizmiz. T.W.Doyle o‘z kitobida aynan shu g‘oyani ilgari suradi.

Hayotning taqazosi bilan doktor Terrence Webster-Doyle tinchliksevar pedagogik jamiyatga bo‘lgan o‘zining so‘nggi maktubini aynan Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga yo‘lladi. Maktub uning vafotidan bir necha kun oldin manzilga yetib keldi. O‘z maktubida taniqli pedagog kitoblaridan SIUT taʼlim dasturlarida foydalanilayotganidan mamnun ekanligini ifoda etishga shoshilgan. «Mening dasturlarimni, ayniqsa mening Rebekka va Аhmad to‘g‘risidagi kitobimni samimiy va kasbiy tomondan qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun men Sizga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Kitoblarim universitetingiz kutubxonasining bir qismiga aylanganini eshitib, qanchalik o‘zimni baxtli his qilganligimni Sizga so‘z bilan taʼriflab bera olmayman. Sizning tinchlik madaniyati va gumanistik pedagogikani rivojlantirish ishida taʼlim hamjamiyati uchun qilayotgan sayi-harakatlaringizni juda-juda qadrlayman. Kitoblarim kelgusida ham odamlarni tinch-totuv yashashni yaxshi o‘rganishlari uchun eng muhim shart-sharoitni yaratib beruvchi aql-zakovatni uyg‘otishga muvofiq kelishiga ishonch bildirib qolaman.
2023-yilning fevral oyida professor Terrence Webster-Doyle Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil topishining bir yilligi munosabati bilan Samarqand ahliga videomurojaat qilgandi. O‘zining so‘nggi maktubini ham (12 iyun 2023-y.) Terrence Webster-Doyle aynan SIUT pedagogik jamiyatiga yoʼllagani va unda gumanistik pedagogika va erkin tarzdagi ko‘p madaniyatli ijodga asoslangan yangi avlodning istiqboli porloq taʼlim markazini ko‘rayotganligini taʼkidlab o‘tganligi eʼtiborga molikdir. Hozir tushunib yetishimizcha, o‘shanda o‘z ajali yaqin qolganini his etgan holda samarqandlik hamkasblarini tabriklashga va ular bilan vidolashishga shoshilgan. Bu bilan u hamkorlari oldida o‘zining yuksak darajadagi insoniy daʼvati va kasbiy masʼuliyatini namoyon etgan. Bugungi kunda uning kitob va darsliklarini o‘qigan holda biz uning intelektual va pedagogik merosini kelgusida davom ettirish uchun yangi-yangi istiqbollarni ochib boramiz.

Samarqandlik hamkasblariga o‘z kitob jamlanmalarini hadya qilgan quyidagi fikrlarni aytib o‘tgandi: «Men uchun tinchlik va madaniyatga yo‘naltirilgan muloqotga boy, o‘zining mehmondo‘stlik anʼanalari bilan juda mashhur bo‘lgan mashhur tarixiy shaharda ochilgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga kitoblarimni jo‘natish katta sharafdir. Men bu kitoblarni g‘urur, va mamnuniyat bilan hadya qilayapman va ishonchim komilki, universitetingiz va Samarqand shahridagi boshqa oliygohlarning o‘qituvchi va talabalari unga murojaat qilib, kundalik hayotimizda xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi tinchlikni qaror topishiga nima halaqit berishini tushunib oladilar. Men SIUTni dunyo madaniyatining ilg‘or taʼlim markazi bo‘lishiga, ijodkor xatti-harakatning va intelektual bunyodkorlikning haqiqiy yo‘lboshchisi bo‘lishiga tilakdoshman».
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Terrence Webster-Doyle xotirasiga universitet kutubxonasi qoshida tinchlikparvar taʼlim bo‘yicha uning monografiyalari, darsliklari, qo‘llanmalari, albomlari va ishchi dasturlari jamlanmasidan tarkib topgan kitob burchagini yaratdi.
«Universitet kutubxonasi stendlarida bu kitoblarning keng jamlanmasi qo‘yilgani ham meni yanada quvontiradi va ruhlantiradi» – deb yozgan edi Terrence Webster-Doyle o‘z maktublarining birida. «Haqiqatan ham, men o‘quv qo‘llanmalarim universitet taʼlim jarayoniga kiritilish taklifidan juda mamnunman. Аxir kitoblarning qiymati ularni o‘rganilishida, ular mavhum darajadagi intelektual nazariyalarda emas, balki jonli muloqot amaliyotida, shu yerda va shu damda eng yaxshi va xavfsiz olamni yaratishga yordam berayotganida emasmi? Mening kitoblarim kitobxonlarga yetib borayotgani va ularni o‘qishayotgani men ularni yozishga ketkizgan barcha kuch-quvvating o‘rnini bosa oladi. Men uchun odamlarga bir-biri bilan tinch-totuv yashashni o‘rganishlariga kitoblarim qanday yordam berayotganini bilish katta baxtdir».
Terrence Webster-Doyle bilan professional taʼlimdagi hamkorlik Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida doimiy faoliyat olib boruvchi «Inson. Madaniyat. Tinchlik» nomli ilmiy-maʼrifiy markazning (“Personality. Culture. Peace” Scientific and Enlightening Center) yaratilishiga turtki bo‘ldi. Mazkur markazda Terrence Webster-Doyle nomidagi tinchlik madaniyati kutubxonasi alohida o‘rin tutadi.
Ishonamizki, kelajakda bu kutubxona tinchlikparvar taʼlim va kognitiv pedagogikaning eʼtirofga loyiq xalqaro laboratoriyasiga aylanadi. Mayli, bularning barchasini boshlanishi butun hayotini zo‘ravonliksiz va xavfsiz tarzda tinch-totuv yashashga bag‘ishlagan do‘stimiz, maslakdoshimiz, pedagog va gumanist Terrence Webster-Doylening o‘sha g‘oyalariga qo‘shilgan kamtarona hissamiz bo‘la qolsin.

Uning kitoblari tinchlik uchun, mavhumlashtirilmagan, balki aniq, jonli inson shaxsi uchun xizmat qilishning yorqin namunasidir. Doktor Terrence Webster-Doyle odamlarga «tushunish tinchlik uchun bir kalit» ekanligini eslatishdan charchamagan. Аmmo tushunishning o‘zi uchun kalitni qanday qilib topsa bo‘ladi? Ehtimol, aynan Terrensa Terrence Webster-Doylening asarlari odamlarning tinch-totuv yashashlari, xalqlar va madaniyatlar uyg‘unlashuviga eshik ochish uchun shunday kalit vazifasini bajarar.
Maʼlumot uchun:
Doktor Terrence Webster-Doyle (1940-2023) –Xalqaro kognitiv pedagogika institutining (Atrium Peace Institute) asoschisi va direktori hamda «Brave New Child Peace Museum Exhibits» nomli muzey direktori; o‘smirlar orasida yuz beradigan nizolarning oldini olish bo‘yicha ko‘plab o‘quv-uslubiy dasturlarni yaratgan shaxs; «Боевые искусства во имя мира» (Tinchlik yo‘lidagi harbiy jang sanʼati) taʼlim dasturi direktorlaridan biri, harbiy jang sanʼati bo‘yicha qora belbogʼ sohibi. U Sonoma Davlat universitetida va Kaliforniyadagi Santa-Roza ijtimoiy kollejida dars bergan. 150 dan oshiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlarning, shu jumladan, 15 ta monografiya va 20 ta o‘quv qo‘llanmaning muallifidir. Terrence Webster-Doyle, – mustaqil nashriyot ishlari sohasida erishgan yutuqlari uchun Benjamin Franklin nomidagi mukofotning o‘n karra sovrindoriga aylangan. U tinchlik targ‘ibotidagi ulkan xizmatlari uchun Robert Byorns hamda Аvstriya jamiyati tomonidan Аlbert Shveytser medallari bilan taqdirlangan. U rus tiliga tarjima qilingan va rossiyaning yetakchi pedagogik jurnali bo‘lmish « Детская литература »da (№ 1-7, 1993 y.) chop etilgan o‘zining «Ko‘rinmas dushman bilan kurash. Shartlilikni tushunish» nomli kitobi uchun Benjamin Franklinning Oltin medali sohibiga sazavor bo‘lgan. Bezorilik to‘g‘risidagi birinchi jiddiy asar - «Nima uchun xamma menga tegajog‘lik qilaveradi? Bezorilikni qanday yo‘qotish bo‘yicha ko‘rsatma» kitobi ham uning qalamiga mansub.

Doktor Terrence Webster-Doylening kitoblari jamoatchilik tomonidan keng eʼtirof etilgan va kasbiy hamjamiyat tomonidan nizolarni oldini olish hamda ularga yechim topishda muhim manba vazifasini o‘taydi.
Anatoliy IONESOV,
SIUT “Inson. Madaniyat. Tinchlik” Ilmiy-ma’rifiy markazi direktori.