Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari
SIUTda Samarqanddagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun Gimcheon o‘rta maktabiga tayyorgarlik kurslari boshlandi.
O‘zbekiston va Koreya xalqlarini qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Ikki xalqning madaniyati, urf-odat va an‘analari o‘xshash. Ta'kidlash joizki, madaniy-gumanitar va ta’lim sohasidagi aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Xususan, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari Koreya Respublikasining 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qator ta’lim muassasalarida koreys tili hamda madaniyati markazlari ochilgan.
Ikki davlat hamkorlik rishtalarining natijasi sifatida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) tarkibida tashkil etilgan Koreya texnologiyasi va madaniyati institutini (KITC) zikr etmoq o'rinli. Mazkur institutga Hankuk xorijiy tillar universiteti professori, “The Silk Road Universities Network” (SUN, Ipak yo‘li universitetlar xalqaro tarmog‘i, bosh kotibi Sungdon Hwang dekan sifatida rahbarlik qilmoqda. Ushbu institut dizayn, qayta tiklanadigan energiya manbalari, raqamli iqtisodiyot kabi 3 muhim yo‘nalishda, Koreya Respublikasi oliy ta’lim dasturlari asosida faoliyat yurib kelmoqda va ta’lim jarayonlariga koreyalik professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

Universitet Vasiylik kengashi raisi B.Sh.Fazilov tomonidan davlatning kuchli ijtimoiy siyosatini amalda tatbiq etish maqsadida kengash raisining tashabbusi va homiyligi bilan O‘zbekistonda birinchi marta SIUT va KITC tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yana bir gumanitar ta’lim loyihasi yo‘lga qo‘yilgani xususida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3268-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5812-son Farmonida belgilab berilgan bandlarning ijrosini ta’minlash shuningdek, 2024-yilning 13-may sanasida SIUT va Gimcheon o‘rta maktabi (Gimcheon High School, Janubiy Koreya) o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun SIUT tarkibidagi KITC (Koreya texnologiya va madaniyati instituti), Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, viloyat Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda zehn testi muallifi Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti Toshkent filiali professori Botir Rahmonqulovich Qodirov hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj (Temir daftarga kiritilgan) oilalarning 31 nafar farzandi o‘rtasida zehn test sinovi o‘tkazildi.
Birinchi bosqichdan o‘tgan 7 nafar o‘quvchini intervyu asosidagi saralash bosqichidan o‘tkazish maqsadida SIUT professorlari KITC professor-o‘qituvchilaridan iborat maxsus komissiya tuzildi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, intervyu bosqichida o‘quvchilarning 5 nafari muvaffaqiyatli o‘tdi. Ular:
- Ravshanov Rabbim (Ishtixon tumani, “Ko‘ktepa” MFY);
- Yo‘ldoshev Umrbek (Kattaqo‘rg‘on tumani, “Yovi” MFY);
- Yo‘ldoshev Ozodbek (Oqdaryo tumani, “Temirak” MFY);
- Sharofov Shohimardon (Urgut tumani, “Beshkapa” MFY);
- Rabbimov Mavlonbek (Urgut tumani, “G‘ishtmachit” MFY).
Talabgorga SIUT Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilovning maxsus granti asosida 6 oy mobaynida 2024-yilning 1-iyulidan 1-dekabriga qadar universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan boshlang‘ich koreys tili, ingliz tili va matematika fanlaridan maxsus kurslar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv kursi davomida o‘quvchilar turar joy va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanishlari ham belgilab qo‘yilgan.



SIUT delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi dasturidan Gimcheon o‘rta maktabiga tashrif ham o‘rin oldi. Delegatsiya a'zolari Gimcheon o‘rta maktabi faoliyati: o‘quv jarayonlari, maktabda yaratilgan shart-shaoitlar, professor-o‘qituvchilar tarkibi va xorijiy o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Joriy yilning 1-iyul sanasida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev sinovlarda ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalarini o‘rta maktab faoliyati bilan tanishtirish chog‘ida “O‘zbekistonlik Gimcheon o‘rta maktab bitiruvchilari SIUTga imtihonsiz qabul qilinib, oliygoh talabasi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, – deya ta’kidladi.
Loyiha doirasida tashkil etilgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan ushbu loyiha xususida suhbatlashdik:
“Haligacha ishona olmayapman, oilaviy quvonchimizning cheki yo‘q, kelib shart-sharoitlar bilan tanishdim, barchasidan ko‘nglim to‘q, avvalo davlatimiz tomonidan ta’limga bo‘lgan e’tibordan va loyiha tashabbuskorlaridan cheksiz minnatdorman”, – deydi Umrbekni onasi Asqarova Mahbuba.

“Yoshlar uchun xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan imkoniyatlardan juda sevindim, ochig‘I yashirmayman, ko‘zlarimdan sevinch yoshlari chiqdi. Hatto qiziqqanimdan yoshligimga qaytib shu yigitlar bilan bir safda ta’lim olsam edi, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Yaratilgan bu imkoniyatdan unumli foydalanib, nabiramni Vatanimiz kelajagi uchun munosib kadrlar qatorida bo‘lishidan umidvorman”, – deydi Shohimardonni bobosi Sharof ota Qurbonov.
“Yoshligimdan ertaklarni sevib o‘qiyman va ulardagi mo‘jizalarga ishonardim, bugun o‘sha ertaklardagi mo‘jizalar hayotimda ro‘y berayotganini ko‘rib ertaklarda yashayotgandek his etyapman. Men kabi chekka hududlarda yashovchi yoshlarga e’tibordan “Eriell” kompaniyalari Guruhi va universitet Vasiylik kengashi raisi B.Sh.Fazilov hamda SIUT ma’muriyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman” – deydi Rabbimov Mavlonbek.
“Haligacha hayajonimni yashira olmayapman, bizga qo‘ng‘iroq qilib, zehn testidan muvaffaqiyatli o‘tganimni eshitgan kunim hayotimdagi tarixiy kun bo‘ldi desam yanglishmagan bo‘laman. Universitet tomonidan sifatli ta’lim olishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Darslarimiz ham a’lo darajada tashkil etilmoqda. Bizdan esa yagona talab faqat yaxshi o‘qib, yorug‘ yuz bilan Koreya Respublikasida o‘qishni davom ettirish. Bizga oynai jahon va kitoblarda suratlarini ko‘rgan ertaknamo ushbu davlatda o‘qish imkoniyatini yaratib bergan loyiha tashkilotchilariga tashakkurlar aytaman” – Yo‘ldoshev Ozodbek.