SIUTga kirish imtihonlari start oldi
Bugun, 22-iyul sanasidan boshlab, Samarqand xalqaro texnologiya universitetining kirish imtihonlariga start berildi. SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev hamda universitet xorijiy professorlaridan tashkil etilgan Qabul komissiyasi a’zolari abituriyentlar va ota-onalar bilan suhbatlashib, ularning farzandlariga test sinovlarida omad tiladi. Shuningdek, rektor suhbat jarayonida mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida alohida ta’kidladi.


Universitet muvaffaqiyatining eng muhim mezonlaridan biri bu sifatli ta’lim berish orqali yetuk mutaxassislarni tayyorlashdir. Sifatli ta’lim va malakali kadr har qaysi makon va zamonda qadrlanib kelgan. Shu ma’noda biz ham SIUTda bilim va yangilikka tashna bo‘lgan eng munosib talabalar tahsil olishining tarafdorimiz. Universitetda ilg‘or dastur va texnologiyalar asosida ta’lim olishlari va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun abituriyentlar orasidan eng yaxshilarini saralash maqsadida oliygohga kirish imtihonlarini o‘tkazish belgilangan.


Kirish imtihonlarini shaffof, adolatli va ishonchli tashkil etish orqali talabaning qobiliyati, bilim darajasini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Imtihonlar maktab o‘quv dastur asosida, matematika va ingliz tili fanlaridan o‘tkazilmoqda. Fanlardan xalqaro yoki unga tenglashtirilgan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar kirish imtihonlaridan ozod etildi.


Abituriyentlarning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida oliygohda kutish joylari tashkil etilgan. Kirish imtihonlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida barcha imtihonlar universitetning xorijlik professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilib, imtihon jarayonlari oliygohning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinmoqda. Farzandini qoʻllab-quvvatlash, ularga ruhiy dalda berish niyatida birga kelgan ota-onalar, dilbandlarini testdagi ishtirokini katta monitor orqali onlayn kuzatib bormoqdalar.
Imtihonlarda ishtirok etayotgan abituriyentlar va ushbu jarayonlarini kuzatayotgan ularning ota-onalari ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar:
“Bugun qizim “Tadbirkorlik va Menejment” taʼlim yoʻnalishiga test topshirmoqda. Test sinovlariga, ayniqsa matematika va ingliz tilidan, yaxshi tayyorgarlik koʻrdi. Omad tilab, tilakdosh boʻlib keldim. Bu yerda ota-onalarning farzandlarini test jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn kuzatish imkoniyati bizni yanada mamnun qildi. Buning uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman. Barcha abituriyent yoshlarga omad tilayman,” – deydi abituriyent Aziza Rahmatjonovaning onasi Dilshoda Habibova.
“Rostini aytsam qattiq hayajondaman. Farzandlarimizni imtihon topshirish jarayonlarini kuzatib, xuddi ular bilan tengma-teng imtihon topshirayotgandek his qilyapman. Test jarayonlarida haqiqatdan shaffoflikni ko‘rdik, ayniqsa xorijlik professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilishi va universitetda taqdim etilayotgan grantlar haqida eshitib juda xursand bo‘ldim. Xudo xohlasa, farzandim shu oliygohga yuqori ball asosida o‘qishga kirishidan umidvorman,” – deydi Akbarova Ruxshonaning dadasi Mo‘minov Akram.

“Hammamizga ma’lumki, inson qo‘li bilan yaratiladigan barcha narsa muhandislar mehnatidir. Yaratilishi bizni hayratga soladigan zamonaviy texnika va texnologiyalardan tortib, oddiydek ko‘rinadigan narsalargacha muhandislar tomonidan yaratiladi. Yaratuvchan inson bo‘lish yo‘lida ilk qadam kerakli sohani tanlab, uni chuqur o‘rganishdan boshlanadi. Men esa bu imkoniyatni SIUTda ko‘rdim va hech ikkilanmay shu dargohning “Kimyo muhandisligi” yo‘nalishini tanladim. Imtihonlarni yaxshi topshirdim degan fikrdaman. Ushbu universitetning talabasi bo‘lishni chin dildan xohlayman,” – deydi abituriyent Xotamov Sardor.
“SIUTni o‘zimning xohish va qiziqishlarim, orzu va maqsadlarimdan kelib chiqqan holda tanladim. Topshirishdan oldin, SIUTda tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da qatnashdim, va o‘shanda universitetning 2 yillik faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari va professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishgan edim. So‘ng, ota-onam bilan maslahatlashib, “Xalqaro logistika” yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirga qaror qildim. Tanlovda adashmaganimga aminman,” – deydi abituriyent Hamidova Aliya.

Eslatib o‘tamiz, SIUTda АQSh, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi, Fransiya, Rossiya, Kanada, Shri-Lanka, Eron, Janubiy Аfrika, Kamerun, Portugaliya, Indoneziya, Filippin, Tunis, Falastin, Pokistondagi yetakchi taʼlim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan ilg‘or tajribaga ega qirqga yaqin xorijlik professor-o‘qituvchilar taʼlim jarayonlariga jalb etilgan. Yana bir muhim jihati, universitet keyingi 10 yil davomida muhandislik taʼlimi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rin egallagan Colorado School of Mines (АQShning Kolorado konchilik maktabi Davlat ilmiy-tadqiqot universiteti) bilan hamkorlikda yaratilgan o‘quv va ta’lim dasturlari asosida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, hamkorlik doirasida muhandislik va biznes maktabiga xos 11 ta ixtisoslik bo‘yicha jahon andozalariga mos o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqilgan. Universitetda ta’lim ingliz tilida olib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida: Kirish imtihonlari 2024-yilning 22-iyul sanasidan 26 -iyuliga qadar davom etadi.
Test sinovlari har kuni ikki smenada:
- 1️-smena — 09:00 dan 12:20 ga qadar;
- 2️-smena — 14:00 dan 17:20 ga qadar bo‘lib o‘tadi.