Yangi o‘quv yili: yangicha yondashuvlar va yuksak maqsadlar
Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan oldimizda shaxsiy rivojlanish va taraqqiyot uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu davr har birimizdan yangi maqsadlar qo‘yib, ularga erishishda izchillik va qat'iyat talab qiladi.

Joriy yilning 6-sentyabrida shu yil o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun Samarqand xalqaro texnologiya universitetida yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev tadbirda so‘z olib, o‘z nutqida muhandislik va texnologiyalar sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash naqadar dolzarb va muhim ekanligini hamda ularning kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishi mumkinligini alohida ta'kidladi. Shuningdek, professor Yusuf Abdullayev talabalikka tavsiya etilgan yoshlarni samimiy qutladi hamda ularning ta’lim jarayonlari va kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbir davomida 18 ta davlatdan 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar tarkibi tanishtirildi. So‘zga chiqqanlar mazkur oliy ta’lim muassasida yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida gapirib, barqaror taraqqiyot rivoji bilimli kadrlar qo‘lida ekanligini alohida ta’kidladilar.

Jumladan, SIUT birinchi prorektori prof. Bobby Hall (AQSh), Xitoy energetika instituti dekani v.b. prof. Wang XiaoHui (XXR), Koreya texnologiyalari va madaniyati instituti dekani prof. Hwang Sungdon (Koreya Respublikasi), “Computer Science” departamenti rahbari prof. Mohammad Galety (Hindiston), “School of Engineering” departamenti rahbari prof. Mohammed Awad (Kanada), “Entrepreneurship and Management” departamenti rahbari prof. Brahim Fezzani (Tunis), Tillar departamenti direktori prof. Joseph Stark (AQSH) va ushbu departament professori Annemarie Basson (Janubiy Afrika Respublikasi), shuningdek, Matematika fanlari professori Mohammed Kaabar (Falastin) o‘z nutqlarida har bir talabaning cheksiz salohiyati borligiga va uni to‘liq namoyon qilishda yordamga har doim tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.
Bundan tashqari, birinchi bosqich talabalari orasida sportda ham katta yutuqlarga erishgan Sevinch Yuldasheva va Abdumurod Axmatovlar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.


“Men SIUTga grant asosida o‘qishga qabul qilindim va tanlagan ixtisosligim – issiqlik energetikasi muhandisligini astoydil o‘rganish niyatidaman. Shu bilan birga, o‘qishimni sport bilan uyg‘unlashtirmoqchiman. Siz biror joyda sportchi-muhandisni ko‘rganmisiz? Men sport va fan sohasidagi yutuqlarim bilan barchani hayratga solish niyatidaman! 2026-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz, xususan qadrdon universitetimiz hamda “Irbis” sport klubi sharafini himoya qilishni qat’iy maqsad qildim!” – dedi velosiped sporti bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibi, CIEP yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Sevinch Yuldasheva.


Tantanali tadbir O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, shoira Xosiyat Bobomurodova hamda universitetning ma’naviyat-ma’rifiyat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidovaning chiqishlari bilan yanada boyitildi.
6-7-sentyabr kunlari universitetning birinchi bosqich talabalari uchun “Orientation Days” doirasida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar davomida talabalar:
- universitet infratuzilmasi va resurslari bilan yaqindan tanishish;
- interfaol darslar va treninglar orqali vaqtni samarali tashkil qilish, jamoaviy ish va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- universitet jamoasi bilan muloqot o‘rnatish – professor-o‘qituvchilar, yuqori bosqich talabalari, “SIUT Students Council” va talabalar klublari faoliyati bilan yaqindan tanishish;
- ta’lim dasturlari, qo‘shimcha kurslar, amaliyotlar va almashinuv dasturlari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.



Bu tadbirlar birinchi bosqich talabalari uchun universitetdagi yangi akademik muhitga moslashish va keyingi ta'lim yillari uchun aniq reja tuzishga ko‘maklashadi.
Ma’lumot uchun: 2024-2025-o‘quv yilida 275 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi, ulardan 74 nafari SIUT Vasiylik Kengashi raisining grantini qo‘lga kiritgan: 71 nafar talaba to‘liq grant asosida tahsil olsa, 3 nafar talaba to‘lov-kontrakt bo‘yicha 25 foizdan 50 foizgacha chegirmalarga ega bo‘ldilar. Ushbu grantlardan tashqari 2024-2025-o‘quv yili uchun SIUTga 3 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 35 ta davlat granti ajratildi: Issiqlik energetikasi, Konchilik ishi, Neft va gaz muhandisligi.
Shuni ta’kidlash kerakki, SIUTda 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab, maxsus grant dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dasturga asosan, har bir o‘quv yili yakunida yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar 95+ ball (100 balldan) to‘plagan holda, keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘liq grant asosida o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Oliy ta’lim standartlariga javob berish hamda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida o‘z ifodasini topgan.