Yeungnam Universiteti bilan hamkorlik o‘rnatildi
SIUT dunyoning qator rivojlangan davlatlaridagi yetakchi OTMlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda, ushbu aloqalar esa kun sayin rivojlanib, uning natijasida ta’lim va fan sohalarida yangi imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Xususan, Koreya Respublikasining Yeungnam Universiteti (YU) hamda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumi fikrimizning yorqin misolidir. Joriy yilning 9-sentyabr sanasida YU xalqaro ta’lim bo‘yicha prorektori, professor Chae-Chun Gim va SIUT birinchi prorektori, professor Bobby Hall tomonidan ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Mazkur memorandumdan ko‘zlangan maqsad: ikki muassasa oʻrtasida o‘zaro manfaatli sohalarda tashabbuslarni ilgari surish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy loyiha va dasturlarni amalga oshirishda koʻmaklashishga qaratilgan.
Ushbu hamkorlik, ikki universitetning Dizayn sohasidagi bilim va tajribalarini o‘zaro almashish orqali, talabalarga sifatli ta’lim berish imkoniyatini yaratadi.


Shuningdek, uchrashuv davomida YU va SIUT “2+2” qo‘shma ta’lim dasturi (talabalar ta’limning dastlabki ikki yilini SIUTda, qolgan ikki yilini esa YUda davom ettirishlari) ga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Talaba-yoshlarning ushbu dastur asosida ta’limni Yeungnam Universitetida davom ettirishlari uchun ayrim talablar ilgari surildi, jumladan:
- o‘quv rejasi SIUT tomonidan birinchi bosqichda o‘qitiladigan fanlar YUning akademik qoidalariga mos kelishi;
- talabalar SIUTda dastlabki ikki o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan bo‘lishlari va dizayn sohasiga oid qobiliyatlarini namoyon etuvchi portfoliosini taqdim etish;
- talabgorlardan TOPIK til testida minimal 2-darajali sertifikat olishlari talab etiladi.
Yeungnam Universiteti va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘rtasidagi imzolangan memorandum Dizayn sohasida har ikki oliygohning o‘zaro bilim va tajriba almashishini yanada jadallashtirish hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik doirasida ilmiy salohiyatli kadrlarni tarbiyalash, yuqori bilim va malakali mutaxassislarni doimiy qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatlardan foydalanish, ilmiy, ta’limiy, madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: Yeungnam universiteti 1947-yilda Janubiy Koreyaning Shimoliy Gyeongsang shahrida tashkil etilgan xususiy tadqiqot universiteti hisoblanadi. Ayni paytda mazkur oliygohda 31,218 nafar talaba tahsil olmoqda. Unda dunyoning 50 ga yaqin davlatidan kelgan xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, ushbu ta’lim muassasasi 2024-yilgi Leyden reytingiga (Leiden Ranking) ko‘ra Janubiy Koreyadagi “eng yaxshi beshlikka” kirgan.