Skip to main content

SIUTda “Xon Atlas” festivali: milliy qadriyatlar va estetika uyg‘unlashuvi

Xalqimizning ming asrlik o‘tmishi, qadimiy urf-odat va an’analari, didi, estetik qarashlari shuningdek, o‘ziga xos xususiyatlari hamda opa-singillarimizga mos ibo va hayoni aks ettirgan milliy liboslarimiz targ‘iboti bo‘lgan “Xon atlas” festivali joriy yilning 13-sentabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida ham, karnay-surnay sadolari ostida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

 DSC0815 copy

 DSC0909 copy

Universitetdagi har bir burchak milliy ruhiyat bilan to‘lgan kunga aylandi. Bundan tashqari, Samarqand nonlari-yu, xolvalari ham tortiq qilindi. O‘zbek milliy liboslarini xalqimiz va jahon ahli orasida targ‘ib hamda tarannum etish, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, o‘zbekona kiyinish madaniyatini namoyish etish maqsadida butun respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan mazkur festival o‘zbek milliy liboslarini ommalashtirish, talaba-yoshlar orasida milliy qadriyatlarga hurmat va estetik didni shakllantirish, zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirilgan.

Egnida milliy libos kiygan har qanday ayolda latofat, go‘zallik ufurib turadi. Bugun oliygohning barcha ayol-qizlari egnida atlasu-adras bilan yanada go‘zallashdilar.

Festival doirasida SIUT professor-o‘qituvchilari va talaba qizlari bu milliy liboslarni o‘zgacha zavq va hayajon, milliy g‘urur tuyg‘usi bilan kiydilar. Xususan SIUTning xorijlik professor-o‘qituvchilari ham o‘zbek xalqiga hurmat ramzi sifatida milliy liboslarimizda kelishdi.

 DSC1080 copy

“SIUTda tashkil etilgan Xon Atlas tadbirida ishtirok etish men uchun xorijlik sifatida sharaf edi. Yorqin va betakror ranglar uyg‘unlashgan milliy kiyimlar, choponlarning hayratlanarli darajada murakkab naqshlari, g‘urur bilan boshiga do‘ppi kiygan yigitlar va jamoadoshlarimning har birini milliy liboslarida namoyon bo‘lgan quvonch va iftixori o‘zbek xalqining qadriyatlarini aks ettirdi” – deydi Janubiy Afrikalik professor Annemarie Basson.

SIUT ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova tomonidan o‘zbek milliy qo‘shiqlaridan namunalar ijro etildi.

 DSC1041 copy

“Bugun faqat bizda emas, butun dunyoda milliy matolarimizga qiziqish ortib bormoqda. Milliy liboslarimiz faqatgina kiyim emas, balki xalqimizning ruhi, an’analari va madaniyati aks etgan jonli san’atdir. Ushbu tadbir yoshlarimiz ongida milliy o‘ziga xoslikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi” – deydi universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Nasiba Sadiyeva.

Milliy qadriyatlarni hamisha avloddan-avlodga o‘tkazish, asrash muhim sanaladi. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlar ongida milliy ruhiyatni shakllantirishdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.