Skip to main content

SIUTda Chuseok bayrami: Koreya madaniyati va an’analariga sayohat

O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarildi.

chuseok 3

Ta’bir joiz bo‘lsa, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida tashkil etilgan Koreya madaniyati va texnologiyalari instituti (KITC) ikki davlatni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prikdir desak yanglishmagan bo‘lamiz, an’analar va mentalitetlar o‘xshashligi esa, qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Koreys an’analarining O‘zbekistonda keng nishonlanishi xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

chuseok 5

KITC qoshidagi Koreya madaniyati markazi direktori, professor Kim In Tae tashabbusi bilan oliygohimizda tashkil etilgan koreys xalqining milliy bayrami hisoblanuvchi Chuseok (Chxusok) – hosil bayramining nishonlanishi bu boradagi ishlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

chuseok 6

chuseok 2

Bu yil Chuseok bayrami SIUTda ham alohida ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Ushbu tadbir nafaqat madaniy almashinuvga, balki koreys tilini o‘rganishni rag‘batlantirishga ham katta hissa qo‘shdi. Rang-barang va qiziqarli chiqishlarga boy tadbirda faxriy mehmonlar, jumladan, Koreys madaniyat markazi assotsiatsiyasi, Samarqand chet tillar instituti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Samarqand shahridagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazi vakillari, hamda SIUT xodimlari, professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.

chuseok 4

Tadbirda talabalar tomonidan koreys xalqining milliy liboslari ko‘rgazmasi, qo‘shiqlari va raqslari ijro etilib, yig‘ilganlar xilma-xil koreys milliy taomlarini ta’tib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bayramda qatnashgan mehmonlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar koreys madaniyatining boy merosidan yanada chuqurroq xabardor bo‘lib, Koreya xalqining urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

chuseok 7

Tadbirda KITC dekani, professor Hwang Sungdon so‘zga chiqib, koreys xalqining madaniyati va an’analarida muhim o‘rin tutadigan Chuseok bayramining ahamiyati haqida batafsil to‘xtaldi. U Chuseokni koreyslar uchun oilaviy qadriyatlar, xotira va o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlovchi bayram sifatida tasvirlab, ushbu bayram koreys jamiyatining tarixiy ildizlari va hozirgi kundagi hayot tarzida qanday aks etishini chuqur yoritib berdi. Shuningdek, professor Hwang Sungdon, ushbu bayramning nafaqat Koreya, balki xalqaro miqyosda madaniy almashinuv uchun muhim imkoniyat ekanini ham ta’kidladi.

chuseok 1

SIUTda o‘tkazilgan Chuseok bayrami tantanalari ikki davlat o‘rtasidagi madaniy almashinuvning yorqin ko‘rinishidir. Ushbu tadbirlar nafaqat koreys madaniyatiga hurmat ko‘rsatish, balki SIUT talabalari va xodimlariga koreys xalqining an’analarini chuqurroq o‘rganishga imkon yaratdi.

Shuni alohida qayd etish joizki, Koreya texnologiyalari va madaniyati institutida: “Dizayn”, “Qayta tiklanadigan energiya” va “Raqamli iqtisod” kabi uch yo‘nalish bo‘yicha Koreya oliy ta’lim standartlari asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda. O‘quv jarayonlariga koreyalik 11 nafar professor-o‘qituvchilar jalb etilgan bo‘lib, darslar ingliz va koreys tillarida o‘tilmoqda.