Skip to main content

EBSCO ma’lumotlar bazasidan foydalanish bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi

Kitobning inson hayotida o‘rni beqiyos. Kitob tafakkur quroli, ilm va hikmat manbaidir. U nafaqat dunyoqarashimizni kengaytiradi, balki tanqidiy fikrlash, yetakchilik va turli sohalarda akademik va kasbiy rivojlantiruvchi muhim vosita hisoblanadi. O‘z navbatida, SIUT kutubxonasi ham, universitetning bilim va ma’rifat markazi sifatida, o‘zining boy axborot fondi va zamonaviy xizmatlari bilan, talabalarga sifatli va tezkor axborot yetkazishda muhim rol o‘ynaydi.

SIUT kutubxona xodimlari o‘zaro tajriba almashish, talabalarga yangi bilimlar berish va soha mutaxassislari bilan muloqot qilish maqsadida muntazam ravishda turli xil madaniy va ilmiy tadbirlar, seminar-treninglar ham o‘tkazib kelmoqdalar. Joriy yilning 19-sentabr sanasida talabalar uchun EBSCO ma’lumotlar bazasidan foydalanish bo‘yicha navbatdagi onlayn seminar-trening tashkil etildi.

ebsco

EBSCO xorijiy ilmiy-ta’limiy ma’lumotlar bazasi – bugungi kunda jahondagi eng ilg‘or ma’lumotlar bazalaridan biri hisoblanib, u o‘zida minglab jurnallarning to‘liq matnlarini o‘z ichiga oladi. EBSCO 500 dan ortiq elektron ma’lumotlar bazalariga kirish imkonini beradi. EBSCO butun dunyo bo‘ylab 1500 dan ortiq yirik akademik va universitet nashriyotlaridan 1 milliondan ortiq yuqori sifatli elektron kitoblar, jurnallar va 100 000 audio kitoblarni taklif etadi.

Seminar-trening davomida talabalar SIUTda mavjud bo‘lgan EBSCO ma’lumotlar bazalari va ulardan samarali foydalanish usullari bilan tanishdilar.

Treningda quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:

    • SIUT kutubxonasining veb-sayti orqali EBSCO resurslariga kirish;
    • Qidiruvni amalga oshirishda sifatli natijalarga qanday erishiladi;
    • EBSCOhost platformasidagi ilmiy elektron jurnallar kolleksiyasi: dunyoning yetakchi nashriyotlari tomonidan taqdim etilgan resurslardan foydalanish;
    • EBSCO mobil ilovasi orqali mashhur nashriyotlarning elektron kitoblaridan istalgan joy va vaqtda kira olishga doir savollar muhokama qilindi.

Kutubxonamizning qimmatbaho va nodir nashrlar fondi kutubxona kitoblar toʻplamining faxri boʻlib, unda Cambridge University Press, Oxford University Press, MM Publications, Express Publishing va boshqalar kabi dunyoning yetakchi oʻquv va ilmiy adabiyot noshirlarining 3000 dan ortiq kitoblari mavjud.

ebsco lib 2

Bundan tashqari, foydalanuvchilar uchun veb-sayti orqali kutubxona fondidan kitoblar buyurtma berish, virtual ma’lumotnoma xizmatlaridan foydalanish, elektron hujjatlar fondi orqali Web of Science, Springer, ProQuest kabi masofaviy to‘liq matnli ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyatlari yaratilgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy Kutubxonasi bilan xalqaro Kutubxonalar uchun elektron ma’lumotlar “Electronic Information for Libraries” (eIFL) konsorsiumi doirasida olib borilgan hamkorlik natijasida ACM Digital Library, Mathematical Sciences Publishers Journals, e-Duke Journals Scholarly Collection kabi muhim ma’lumotlardan foydalanishlari mumkin.

ebsco lib 1

“Kutubxonamiz orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zarur resurslarni taqdim etishdan tashqari, ularning ma’naviy va intellektual o‘sishiga hamda talaba yoshlarni yangi g‘oyalar va muvaffaqiyatlarga ilhomlantirishga xizmat qilishni maqsad qilganmiz”- deydi SIUT kutubxonasi direktori Ravshan Amirov.