Skip to main content

AQShning IGI Global nashriyotida SIUT professorlarining yangi monografiyasi chop etildi

Nufuzli IGI Global nashriyotida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professorlari Mohammad Gouse Galety va Arul Kumar Natarajan, Efiopiyadagi Kosmik fanlar va geofazoviy instituti (Space Science and Geospatial Institute) professorlari Tesfaye Fufa Gedefa va Tsegaye Demsis Lemmalar bilan hamkorlikda “Python dasturlash tilida geofazoviy ma’lumotlar ilovalarini yaratish” (Geospatial Application Development Using Python Programming) nomli yangi monografiyani ilmiy jamoatchilikka taqdim etdilar. Mazkur ilmiy asar professorlarimiz tomonidan 2023-2024 yillarda “IGI Global”da nashr etilgan uchinchi monografiya bo‘lib, ularning ilmiy faoliyatidagi yangi cho‘qqi bo‘ldi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

igi

Ushbu monografiya turli ma’lumotlarni tahlil qilishdagi murakkabliklarni bartaraf etishda innovatsion yechimlarni taklif etishi bilan birga, bevosita geofazoviy tahlil sohasi rivojiga katta hissa qo‘shadi. Geofazoviy tahlilda ma’lum an’anaviy uslublar ko‘pincha katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, bu esa foydali va amaliy natijalarga erishishni qiyinlashtiradi; iqlim o‘zgarishi, urbanizatsiya va resurslarni boshqarish, ekologik monitoring, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ofatlarni boshqarish kabi muhim masalalarda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishga to‘sqinlik qiladi.

Monografiya mualliflari bir qarashda bir-biriga mos kelmaydigan ikki yo‘nalishni uyg‘unlashtirishni va ularning integratsiyasini ilgari surish, fazoviy fanlar sohasidagi bilimlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Ayniqsa, Python dasturlash tili ma’lumotlarni tahlil qilish va ilovalar yaratish uchun muhim vosita sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

Monografiya quyidagi mavzularni qamrab oladi:

    • Geofazoviy tahlil va ma’lumotlarni qayta ishlash;
    • Fazoviy ma’lumotlar bilan ishlashda Python dasturidan foydalanish;
    • Fazoviy tahlil sohasidagi texnologik yangiliklar va boshqalar.

Mualliflarning ta’kidlashicha, monografiya avvalo magistrantlar, doktorantlar, tadqiqotchilar hamda tor soha vakillariga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, u geofazoviy ma’lumotlar texnologiyalari va Python dasturlash bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishni istagan o‘qituvchilar va talabalar uchun qimmatli o‘quv qo‘llanma sifatida ilmiy sohaning kelgusidagi rivojiga o‘z hissasini qo‘shishiga aminmiz.