SIUT nodavlat oliygohlar reytingida yetakchilar qatorida
Avval xabar berganimizdek, “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi e’lon qilgan 76 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari reytingida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu muvaffaqiyat davlatimiz rahbarining O‘zbekiston kelajagi bunyodkori bo‘lgan talaba-yoshlarga ayniqsa, yangi avlod muhandis kadrlariga qaratayotgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligining amaliy natijasidir. Shuningdek, mazkur yutuq SIUTda zamonaviy ta’lim standartlari asosidagi sifatli ta’lim jarayonining yo‘lga qo‘yilganidan darak beradi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu reyting turli mezonlarga asoslangan bo‘lib, soha mutaxassislari tomonidan ijobiy baholandi. Reyting natijalari nodavlat ta’lim muassasalarining rivojlanishidagi sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish, ta’lim sifatini oshirish va har bir OTMning o‘z kuchli jihatlarini rivojlantirish uchun zarur yo‘l xaritasi sifatida xizmat qiladi.

Sh. Daliyevning ta’kidlashicha, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari reytingini birlashtirish rejalari mavjud, kelgusida yagona platforma asosida reytingni joriy etish orqali ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, ilmiy nashrlar va xalqaro hamkorlik sohasida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.