O‘zbek tili – millat faxri
Til – millatning yuragi, qalb tarjimoni, unda xalqning ruhiyati, tarixi, buguni va kelajagi mujassam. Chunki har bir so‘z, eng avvalo, qalb torlarida chertiladi. So‘ngra so‘zlarda jilolanib tinglovchiga yetkaziladi. Qadimiy va boy o‘zbek tilimizga davlat tili maqomi berilganligiga bugun 35 yil bo‘ldi. Ushbu qutlug‘ sana qalbida vatanparlik va yurt kelajagiga daxldorlik hissi jo‘sh uruvchi har bir vatandoshimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Ushbu sana munosabati bilan, joriy yilning 21-oktabr kuni Jomboy tumanida “Qadring baland bo‘lsin ona tilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.




Tadbirda tuman hokimligi ma’sullari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari qatnashdilar. Quvonarlisi, tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Samarqand xalqaro texnologiya universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari: SIUT professori, shoira, “El-yurt hurmati” ordeni, “Shuhrat” medali va qator davlat mukofotlari sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova, Tillar markazi direktori – professor Jozeph Stark (AQSh), KITC Koreya madaniyati markazi rahbari – professor Kim In Tae (Koreya Respublikasi) hamda O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari Umedullo Mahmudovlar ham ishtirok etib, tadbirga alohida o‘ziga xoslik kiritdilar.

Professor Jozeph Stark va professor Kim In Tae o‘zbek tilini o‘rganish jarayonlaridagi taassurotlarini, tilimizga bo‘lgan chuqur hurmatlarini tadbirda sof o‘zbek tilida so‘zlab, yorqin namoyish etdilar. Professorlar tomonidan o‘zbek tilida yo‘llangan samimiy tabrik, qutlovlar va she’rlar barchaning qalbiga yetib bordi. Bu nafaqat o‘zbek tilining xalqaro hurmatga sazovor ekanligini, balki O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan chuqur ehtiromning ramzi sifatida tilimizning go‘zalligini yana bir bor tasdiqladi.

“Millatning yuragi — uning tili. Nafis va musiqa ohangidek jozibador O‘zbek tiliga azaldan mehrim bo‘lakcha,” – Kim In Tae.

Shuningdek, ijodkor o‘quvchilar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi va ulug‘lovchi she’rlar aytildi. Ularning badiiy chiqishlari tadbirning yorqin qismiga aylanib, ishtirokchilarda ko‘tarinki ruh va faxr-iftixor uyg‘otdi.


Ushbu bayram tadbiri yurtdoshlarimizga ona tilimizning milliy o‘zligimizdagi muhim ahamiyatini yana bir bor eslatdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizni milliy g‘ururimiz bo‘lgan o‘zbek tilimiz bayrami bilan samimiy tabriklaymiz. Jonajon ona tilimizning mehrli ziyosi doimo tafakkurimiz va qalblarimizni yoritib tursin!