Skip to main content

Geologiya va konchilik sohasida menejerlar tayyorlashga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi

SIUTda talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni ishlab chiqarish amaliyoti va oliy ta’limni bitirib, ish jarayonida ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun muhandislik sohasining turli vakillarini taklif etib, ularning ishtirokida seminarlar tashkil etish an’anaga aylangan.

2024-yilning 19-oktabr kuni, ushbu an’analarga muvofiq, SIUTda geologiya va konchilik sohasida katta tajribaga ega, iqtisod fanlari nomzodi, professor Grigoriy Aramovich Xachiyev tomonidan “Dunyoda va O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib olish” mavzusida seminar tashkil etildi.

seminar 2

Seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad: talabalarga geologiya, konchilik, neft-gaz muhandisligi sohalarida zamonaviy ilmiy dunyoqarashlarni shakllantirish orqali bilimlarini mustahkamlashdir.

Professor Georgiy Xachiyevning ma’ruzasi konchilik sanoatida menejerlarni tayyorlashning asosiy jihatlariga bag‘ishlandi. Seminar davomida zamonaviy texnologiyalarni, jumladan, jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishning o‘rni hamda global muammolar sharoitida menejerlarning boshqaruv usullariga bo‘lgan ehtiyojiga to‘xtanildi. Professor ma’ruzasida kelgusida menejerlar texnik jarayonlarni samarali boshqarish bilan birga, tezkor o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga moslashish ko‘nikmalarini rivojlantirishlari kerakligiga ham alohida alohida urg‘u berdi.

seminar

Shuningdek, professor Xachiyev taqdimotida kadrlar va texnologik resurslarni to‘g‘ri boshqarish, konchilik korxonalarining barqaror rivojlanishi uchun muhim omil ekanligini xalqaro loyihalar misolida keltirib o‘tdi.

“Jahon tog‘-kon sanoati tez rivojlanmoqda va O‘zbekistonning boy mineral resurslari bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatimizda resurslarni samarali boshqarish global bozorga kirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi,” – deydi professor Xachiev.

Universitetda o‘tkazilayotgan mehmon ma’ruzalari dual ta’lim tizimining ajralmas qismi bo‘lib, ular orqali bo‘lajak yangi avlod muhandislarining sohaga oid bilimlarini boyitishda va kasbiy muvaffaqiyatlari uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

seminar 3

Seminar professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, seminar so‘ngida ishtirokchilar olingan ma’lumotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar.

Ma’lumot uchun: Iqtisod fanlari nomzodi, professor o‘z sohasining yetuk  olimlaridan biri Georgiy Aramovich Xachiyev — “Jahon iqtisodiyoti”, “Dunyo iqtisodiy geografiyasi” kabi qator monografiyalar hamda ingliz, rus va chex tillarida yozilgan ko‘plab ilmiy risolalar muallifi hisoblanadi. “Chexiya va dunyo”, “O‘zbekiston: jahon iqtisodiyoti fonida portret”, “Dunyo neft-gaz almanaxi” kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, u “Samarqand – Praga” nomli fundamental ilmiy asarning hammuallifi bo‘lib, ushbu asar 2022-yilda rus va chex tillarida nashr etilgan. Quvonarlisi, muallif mazkur noyob kitoblaridan bir nechtasini SIUT kutubxonasiga hadya qildi.

seminar 1