Skip to main content

SIUT ingliz tili o‘qituvchisi xalqaro EWB konferensiyasida ishtirok etdi

Tojikiston poytaxti – Dushanbe shahrida, joriy yilning 25-26-oktyabr kunlari “Chegara bilmas ingliz tili” (English Without Borders – EWB) loyihasi doirasida “Ingliz tilini o‘qitishning imkoniyatlarini kengaytirish: innovatsiyalar, inklyuzivlik va barqaror kasbiy rivojlanish” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Quvonarlisi, AQSh, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Misr va Filippin kabi davlatlardan kelgan vakillar bilan bir qatorda Samarqand xalqaro texnologiya universitetining katta o‘qituvchisi Zuhra Rustamova ham faol ishtirok etdi. Ushbu nufuzli anjuman soha mutaxassislari uchun yangi yondashuvlar va innovatsiyalar haqida fikr almashish, tajriba orttirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash imkoniyatini taqdim etdi.

3

4

Bu yilgi konferensiya ingliz tili mutaxassislariga zamonaviy ta’lim metodlari, texnologiyalar va ilg‘or o‘quv vositalarini o‘rganish imkoniyatini berdi. Tadbir davomida o‘tkazilgan sho‘balar, taqdimotlar va munozaralar orqali ishtirokchilar ingliz tilini o‘qitish jarayonidagi qiyinchiliklarni qanday yengish va ta’lim sifatini oshirishga oid metodlar bilan tanishdilar.

5

Zuhra Rustamova mazkur anjumanda “O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitishning muhim jihatlari” mavzusida taqdimot qildi va unda ta’lim jarayonidagi muammolarni yengish uchun zamonaviy metod va yondashuvlarni qo‘llash zarurligini alohida ta’kidladi. SIUTda ingliz tilida ta’lim olib borilishi, professor-o‘qituvchilardan zamonaviy va moslashuvchan yondashuvlar qo‘llashni talab etadi. Z.Rustamova konferensiyada o‘rganilgan innovatsion texnologiyalarni SIUTda ish faoliyatida qo‘llab, talabalarni muvaffaqiyatli ingliz tili o‘rganishlariga va ularning kelajakdagi professional rivojlanishlariga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

2

1

Ma’lumot uchun: 2021-yil 1-martda AQShning Tojikistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtirilgan “Chegara bilmas ingliz tili” (EWB) loyihasi “Duraxshi ma’rifat” tashkiloti tomonidan rasmiy ravishda tashkil etilgan. Ushbu loyiha Tojikistondagi ingliz tili o‘qituvchilari uchun birinchi va eng yirik tarmoq bo‘lib, mintaqaviy vakillar orqali ingliz tili o‘qituvchilari hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.