SIUT va UDTU: Ilmiy va tajriba almashishda yangi ufqlar
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti xalqaro hamkorliklarni mustahkamlash va talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun ta’lim va ilmiy imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda. Uxta davlat texnika universitetida (UDTU) yirik davlat arbobi, Komi Respublikasi birinchi rahbari, professor Yuriy Spiridonov (1938-2010) xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan “Geologiya, konlarni oʻzlashtirish va ulardan foydalanish, ogʻir neft zaxiralarini tashish hamda qayta ishlash muammolari” (Проблемы геологии, разработки и эксплуатации месторождений, транспорта и переработки трудноизвлекаемых запасов тяжелых нефтей) nomli yillik xalqaro ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ilm-fan sohasidagi hamkorlikka asoslangan mazkur xalqaro anjumanda SIUT ilmiy va innovatsion ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori Tulkun Irgashevich Samukov “O‘zbekiston Respublikasida og‘ir neft zahiralarini o‘zlashtirish” ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 11-oktabrda oliygohlar ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan edi. Bu qadam ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik va madaniy almashinuvni rivojlantirish, shuningdek, bilim va innovatsiyalar bilan bo‘lishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.

Konferensiya oldidan T.I. Samukov UDTU rektori Ruslan Aginey, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Dmitriy Boreyko va Neft-gaz fakulteti dekani Natalya Demchenko bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida 2025-yilda mazkur oliygoh bilan rejalashtiriladigan hamkorliklar, jumladan, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, rus va ingliz tillarida ma’ruzalar tashkil etish, talabalar uchun almashinuv dasturlari va geologiya hamda neft-gaz yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyot dasturlari muhokama qilindi. UDTU rektori R. Aginey uzoq muddatli va sermahsul hamkorlik sari qadam tashlanayotganini ishonch bilan qayd etdi.
Anjuman yakunida T.I. Samukovning “Muhandis-neftchi” (Инженер-нефтяник) jurnalida neft-gaz sohasidagi yutuqlar va istiqbolli yo‘nalishlar aks etgan ilmiy maqolasi chop etilishi kutilmoqda. Ushbu maqola, shuningdek, “Rossiya ilmiy iqtiboslar indeksi” (РИНЦ) tizimida indekslangan konferensiya materiallari to‘plamiga kiritilib, xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun muhim manbaga aylanishi rejalashtirilgan.


Bundan tashqari, T.I. Samukov, tashrifi davomida, “Saneg” kompaniyasi ko‘magi bilan UDTUda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba yoshlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi istiqbollari va sifatli ta’limning ahamiyati muhokama qilindi.
Samukov tashrifining samaradorligini ta’kidlab: “UDTUda professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan tanishishdan mamnunman. Universitetning laboratoriya va o‘quv poligoni ishlab chiqarish sharoitlariga yaqinligi menga katta taassurot qoldirdi. Yareg konini ziyorat qilish mobaynida qazib olish texnologiyalarini o‘rgandim va bo‘lajak mutaxassislar yuqori malakada tayyorlanayotganini ko‘rdim”.

Ta’kidlash joizki, mazkur konferensiya nafaqat tajriba almashish maydoni, balki SIUTda xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Oliygohlar o‘rtasidagi ushbu hamkorlik professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ilmiy bilimlar va ilg‘or texnologiyalar almashinuviga zamin yaratadi.