“Tarmoq – Korxona – Oliygoh” zanjiri: SIUTda dual ta’limni rivojlantirishning yangi bosqichi
Dual ta’lim tizimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslar doirasida amalga oshirilmoqda. Muhandislik sohalarida ilm va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o'tkazilgan muloqotda davlatimiz rahbari tomonidan avvalo sohadagi muammolarga to‘xtanilib, uni rivojlantirish uchun ilg‘or tashabbuslar ilgari surildi. Davlatimiz rahbarining “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida ilgari surgan tashabbuslari, oliy ta’lim muassasalarini sanoat bilan yanada mustahkam aloqalar o‘rnatishga undamoqda.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur.
SIUT O‘zbekistonning iqtisodiyoti va sanoati uchun yuqori malakali, xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda alohida o‘rin tutadi. Universitet jahondagi ta’lim sohasidagi eng so‘nggi tendensiyalar bilan yaqindan tanishib, o‘quv jarayonlariga zamonaviy metodlarni amalda qo‘llab kelmoqda, bu esa talabalarni kelajakda o‘z sohasida muvaffaqiyatli bo‘lishlari uchun zarur bilimlar va ko‘nikmalar bilan ta'minlaydi. SIUT barcha yo‘nalishlarda dual ta’lim tizimini joriy etuvchi O‘zbekistondagi birinchi oliygoh bo‘lishni maqsad qilgan.Dual ta’lim tizimini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishning eng asosiy sharti — universitet (oliy ta’lim muassasasi) va korxona (ishlab chiqarish tashkiloti) o‘rtasida barcha boshqaruv darajalarida mustahkam hamkorlik o‘rnatilishidir.

Joriy yilning 15-noyabr sanasida SIUT va “NEOFOS” mas’uliyati cheklangan jamiyati (Navoiy viloyati) hamda “Samarqandkimyo” MChJ (Samarqand viloyati) o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi mamlakatimizdagi zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida muhim qadamdir. Bu kelishuv, nafaqat oliy ta’lim va sanoat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi, balki yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishda beqiyos imkoniyatlar yaratadi.


Memorandumga ko‘ra, SIUT talabalari mazkur tashkilotlarda amaliyot o‘tash orqali sohaning eng ilg‘or texnologiyalarini o‘rganadilar. Ushbu amaliyot dasturlari, talabalarga faqat amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan tashqari, ularni kelajakda ushbu tashkilotlar jamoasining bir qismi bo‘lishiga imkon yaratadi. Bu esa o‘z navbatida, talabalarga o‘z sohasidagi eng so‘nggi texnologiyalarni qo‘llashda real ish tajribasini orttirishga yordam beradi.