SIUT Neapolda boʻlib oʻtgan IX Xalqaro SUN konferensiyasida ishtirok etdi
Joriy yilning 12-14-noyabr kunlari Italiyaning Neapol shahrida Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘ining (Silk-Road Universities Network, SUN) IX Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, mazkur assambleyada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Shuni alohida qayd etish joizki, SIUT 2023-yilning fevral oyidan buyon mazkur xalqaro tarmoqning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi va Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan davlatlar universitetlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Joriy yilda IX Bosh Assambleya Neapoldagi Sharq universiteti (Italiya) va Dubay Kanada universiteti (Birlashgan Arab Amirliklari) tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, assambleya doirasida Ipak yo‘li tadqiqotlari xalqaro assotsiatsiyasining (IASS) “Ipak yo‘lidan jahon tarixi sivilizatsiyalari sari: qahramonlar, bosqinchilar va sarguzashtchilar” (From Silk Roads to World History Civilizations: Heroes, Conquerors and Adventurers) mavzusidagi VIII yillik konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi.


Assambleyaning bosh mavzusi esa “SUN tarmog‘i imkoniyatlarini mustahkamlash va a’zo universitetlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” (Strengthening the Network Power of SUN for Fostering International Cooperation and Collaboration among Member Universities of SUN) bo‘ldi. Tadbir Buyuk ipak yo‘lining quruqlik va dengiz yo‘llari bo‘ylab joylashgan 17 davlatdan 21 ta universitet vakillarini birlashtirdi. Uch kun davom etgan ushbu ikki nufuzli xalqaro tadbir rektorlar, prezidentlar, prorektorlar, delegatsiya rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar – jami 350 dan ortiq ishtirokchilarni bir joyga jamladi.

An’anaga muvofiq, Assambleya a’zolari universitetlarining bayroqlari bilan tantanali parad uyushtirishdi, quvonarlisi, mazkur bayroqlar paradida SIUT bayrog‘i ham g‘urur bilan hilpiradi.
Bundan tashqari, SUN IX Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan WRICOS 2023-2024 (Writing Contest of SUN) xalqaro insholar tanlovida saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan SIUT talabasi Elyor Sobirovning muvaffaqiyatini ham alohida ta’kidlash joiz. Elyor xalqaro insholar tanlovida faol qatnashib, 10 ta eng yaxshi insho mualliflari orasida munosib o‘rin egalladi hamda maxsus mukofot va sertifikat bilan taqdirlandi.

Universitet uchun yana bir quvonchli voqea – SIUT professori, Computer Science departamenti rahbari Mohammad Gouse Galetyning 2025-yilga Xalqaro Ipak yo‘li tadqiqotlari assotsiatsiyasi (IASS) prezidenti etib saylangani bo‘ldi.
Assambleya yakunida kelgusi tadbirlar rejalari e’lon qilindi. Ushbu rejaga ko‘ra, SIUT 2025-yilda SUN’ning X Bosh Assambleyasi va IX Xalqaro Ipak yo‘li tadqiqotlari konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Bir ovozdan qabul qilingan qaror SUN bayrog‘ini SIUT tarkibidagi Koreya texnologiyasi va madaniyat instituti (KITC) dekani, professor Sungdon Hwangga topshirish bilan rasmiylashtirildi.

SIUTning SUN doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlardagi faol ishtiroki universitetning global akademik hamjamiyat bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishga, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi ufqlar ochishga, shuningdek, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishga bo‘lgan intilishini yorqin namoyon etadi. Universitet SUNning madaniyatlararo ko‘priklar qurish borasidagi yuksak missiyasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Samarqand shahrida o‘tkaziladigan SUNning X Bosh Assambleyasi yanada yorqin fikrlar, madaniyatlar va imkoniyatlar uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyor! Samimiy uchrashuv va yangi ilhomlar sari, X Bosh Assambleyada ko‘rishguncha!