Skip to main content

Ilhom va strategiya uyg‘unligi: SIUTda biznes va marketingni chuqur o‘rganish bo‘yicha maxsus seminar

Zamonaviy ta’lim tizimi shiddat bilan o‘zgarayotgan texnologiyalar va biznes olamida nazariya va amaliyotni birlashtirgan holda innovatsion yondashuvlarni talab qilmoqda. Muvaffaqiyatli tadbirkorlar va soha yetakchilari tomonidan muntazam ravishda o‘tkazilayotgan seminarlar talabalarning kasbiy hayotga tayyorlanishida muhim rol o‘ynaydi. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bu borada ilg‘or tashabbuslarni amalga oshirib, zamonaviy ta’lim standartlariga mos ravishda o‘quv jarayonlarini boyitmoqda.

SIUTda “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi talabalarni nafaqat nazariy bilimlar, balki bozor talablariga javob bera oladigan amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar birinchi bosqichdanoq marketing tadqiqotlari, biznes strategiyalarini ishlab chiqish, loyihalarni boshqarish va innovatsiyalarni joriy etish kabi ko‘nikmalarni mukamammal o‘zlashtirmoqdalar. Shuningdek, SIUTning yuqori texnologiyalar va ilmiy izlanishlarga asoslangan muhandislik yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan talabalar marketing asoslarini bilishlari zarur. Zotan bugungi kun muhandisi nafaqat sifatli mahsulot yaratishi, balki uni bozorga chiqara olishi, investorlar e’tiborini jalb qilishi va talabni shakllantirish ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishi lozim.

Talabalarning kasbiy va tadbirkorlik loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida, joriy yilning 23-noyabr kuni SIUTda talabalar uchun O‘zbekiston Marketing Assotsiatsiyasi raisi, taniqli tadbirkor Diyor Mirzaaxmedov ishtirokida maxsus seminar tashkil etildi.

marketing 2

WIN trening markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur seminar, “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi talabalari uchun marketing sohasining nazariy va amaliy jihatlarini o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etdi. Diyor Mirzaaxmedov o‘z ma’ruzasida kompaniyalar marketing orqali qanday qilib biznes maqsadlariga erishishi mumkinligi haqida bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Seminarda quyidagi dolzarb mavzular muhokama qilindi:

    • mahsulotning noyob qiymatini shakllantirish tamoyillari;
    • brend haqida xabardorlikni oshirish strategiyalari;
    • iste’molchi qarorlarini qabul qilishda hissiyotlarning roli;
    • xarajatlarni oshirmasdan foydani oshirishning samarali usullari va boshqalar.

Talabalar uchun eng qiziqarli qismi bu real biznes holatlarini tahlil qilish bo‘ldi. Ular marketingning sotuv vositasidan tashqari, auditoriya va brend o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi samarali strategiya ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldilar.

marketing 4

Mazkur seminar SIUT va O‘zbekiston marketing assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning may oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan, SIUT – “Yil Brendi 2023” deya e’tirof etilgan VI Xalqaro Biznes Forumi – “Makon Marketing Forum” doirasida universitet va assotsiatsiya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, SIUTda Marketing Assotsiatsiyasining birinchi mintaqaviy ofisi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

marketing 1

Seminar talabalarga marketingga yangi nazar bilan qarash va uning turli biznes sohalarida ochadigan imkoniyatlarini anglash imkonini berdi. Ular marketingni oddiy savdo vositasi emas, balki muvaffaqiyatga eltuvchi kuchli strategiya sifatida ko‘rishga o‘rgandilar.

SIUT nafaqat xalqaro darajadagi ilmiy-texnologik ta’limni taqdim etmoqda, balki talabalarini global bozor talablariga moslashuvchan, raqobatbardosh mutaxassislar sifatida yetishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Universitetning bunday seminar va tadbirlari talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlashga xizmat qilib, ularning professional kelajagini yuksak cho‘qqilarga olib chiqishda yordam beradi.