Skip to main content

Bo‘lajak geologlar uchun ekskursiya tashkil etildi

Geologlar uchun yer yuzasida ochilgan tog‘ jinslari va minerallarni o‘rganish, shuningdek, yer ostida qanday tog‘ jinslari va minerallar mavjudligini aniqlash juda muhimdir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yer qarida 4000 dan ortiq mineral aniqlangan bo‘lsa-da, ularni bir-biridan ajratish va farqlash nihoyatda murakkab vazifadir. Bunday vazifalarni bajarish uchun geologlar keng bilim va chuqur tajribaga ega bo‘lishlari zarur. Tajribani oshirish uchun esa ular ko‘proq mineral va tog‘ jinslari bilan amaliyotda ishlashlari lozim.

geology 1

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan oliygoh talabalari uchun o‘quv jarayonini nazariy va amaliy bilimlar bilan uyg‘unlashtirishga maqsadida 2024-yilning 20-21-noyabr kunlari konchilik ishi, geologiya muhandisligi va neft-gaz muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun “O‘zbek geologiya-qidiruv” AJga qarashli “Regional Markaziy geologiya tasvirlash Ekspeditsiyasi”da eksklyuziv ekskursiya tashkil etildi.

geology 2

SIUT geolog-professorlari – Mafakheri Bashmagh Nazir, Arya Pradipta Prasetyo va Sherzod Allayevlar boshchiligida o‘tkazilgan ekskursiya mobaynida talabalar turli hududlardan keltirilgan metamorfik, magmatik va cho‘kindi tog‘ jinslari hamda ularning mineral tarkibiga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, talabalar tog‘ jinslarning tarkibi, fizik va kimyoviy xususiyatlari, solishtirma og‘irligi va Moos qattiqlik shkalasi bo‘yicha tog‘ jinslarning qattiqligini aniqlash yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Shundan so‘ng malakali mutaxassislar tomonidan tog‘ jinslarini tahlil qilish, shuningdek, olingan ma’lumotlarni kompyuterda qayta ishlash va tahlil qilish to‘g‘risida kerakli tavsiyalar berildi.

Mazkur sayohat talabalarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshiribgina qolmay, ularning nazariy bilimlarni real hayotdagi jarayonlar bilan bog‘lash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelgusida talabalar uchun dala ekspeditsiyalari va sohani chuqurroq o‘rganishga qaratilgan mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.