Skip to main content

SIUTda Muzaffar Azamov ishtirokida mahorat darsi: raqamli iqtisodiyot va uning istiqbollari

Tezkor raqamlashtirish jarayonlari va yangi texnologiyalarni joriy etish davrida iqtisodiyot innovatsion yondashuvlarga tobora ko‘proq bog‘lanib bormoqda. Yosh mutaxassislar nafaqat nazariy bilimlarni egallashi, balki ularni amalda qo‘llashni ham o‘rganishlari zarur. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalarining bu kabi ko‘nikmalarini rivojlantirishda ko‘maklashib, raqamli va elektron tijorat sohasida tajribali, yetakchi soha mutaxassislari ishtirokida ta’limiy seminarlar va mahorat darslari tashkil etmoqda.

Navbatdagi mahorat darsi SIUTda, WIN trening markazi tashabbusi bilan, joriy yilning 4-dekabr kuni, “Raqamli iqtisodiyot” hamda “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Elektron tijorat assotsiatsiyasi raisi Muzaffar Azamov tomonidan “Raqamli iqtisodiyot iste’molchilar nigohida” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. 

ecom 4

Mahorat darsi davomida raqamli iqtisodiyotning asosiy masalalari, uning biznes jarayonlariga ta’siri va bozorning kelajagiga oid mavzular muhokama qilindi. Muzaffar Azamov raqamli iqtisodiyotni shakllantirishning asosiy tamoyillari haqida, texnologiyalarni kundalik hayotga integratsiya qilish va ularning iste’molchilar tanloviga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining taxminan 55 foizi internetdan foydalanish imkoniga ega, mobil internetdan faol foydalanuvchilar soni esa 62 foizni tashkil etadi. Ammo, mamlakat mobil internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida 140 davlat ichida 132-o‘rinda turadi. Bu raqamlar iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun infratuzilma va raqamli yechimlarni rivojlantirish zaruratini ko‘rsatadi.

Shuningdek, mahorat darsi davomida elektron tijorat masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Muzaffar Azamovning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Uzum va Wildberries kabi marketpleyslarda sotuvchilarning 99 foizdan ortig‘i mikro, kichik va o‘rta biznes vakillaridan iborat. Bu raqamlashtirish tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlarni ochib, kichik korxonalar o‘sishiga turtki berayotganini tasdiqlaydi.

ecom 2

Bundan tashqari tadbir davomida talabalar raqamli texnologiyalarning amaliy qo‘llanilishi, “noqonuniy iqtisodiyot”ning biznes rivojiga ta’siri, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy bazani soddalashtirish zarurati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, biznes jarayonlarni raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish va soliq tushumlarini ko‘paytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

ecom 5

Mazkur mahorat darsi talabalar uchun raqamli iqtisodiyotning zamonaviy biznes uchun ahamiyatini chuqur anglashga yordam berdi. Bunday tadbirlar yosh mutaxassislarga global raqamli transformatsiya sharoitida zarur ko‘nikmalarni shakllantirishda katta imkoniyat yaratadi.