Skip to main content

SIUT professori Prezident e’tirofida

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘zining milliy qadriyatlarni ulug‘lash va yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan yuksak tashabbuslari bilan nafaqat talabalarning, balki keng jamoatchilikning ham e’tiborini qozonmoqda. Universitetda tashkil etilgan O‘zbek tili va madaniyati markazi davlat tiliga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin namunasi bo‘lib, bu maskanda yoshlar uchun maxsus “Vatan saboqlari” darslari yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur darslar yurtimizning faxri, ijodi bilan qalblardan o‘ziga xos o‘rin egallagan taniqli shoiramiz, SIUT professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”  ordenlari sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi Xosiyat Bobomurodova tomonidan olib borilmoqda. Xosiyat Bobomurodova o‘z saboqlarida talabalarga Vatanimizning boy madaniy merosi, ona tilimizning ulug‘vorligi va uni asrab-avaylash zaruriyatini chuqur singdirib kelmoqda.

president

Bugungi kunda professorimizning fidokorona mehnati va mamlakat ravnaqiga qo‘shayotgan beqiyos hissasi davlatimiz rahbari SHavkat Mirziyoyev tomonidan yuksak e’tirof etildi:

“Siz Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishning yorqin timsoli bo‘lgan ko‘p yillik samarali mehnatingiz, ibratli faoliyatingiz va oliyjanob fazilatlaringiz bilan el-yurtimiz o‘rtasida munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lib kelmoqdasiz. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida katta bilim va tajribangiz, amaliy taklif va tashabbuslaringiz bilan keng ko‘lamli islohotlarimizga katta hissa qo‘shayotganingiz tahsinga sazovordir,” — deyiladi prezident tabriknomasida.

SIUT jamoasi professor Xosiyat Bobomurodovani ushbu ulug‘ e’tirof bilan samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.