Skip to main content

SIUTda akademik va olimlar bilan uchrashuv

2025-yil 18-yanvar kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetining WIN markazi doirasida taniqli olim, akademik Ne’matilla Abdullayevich Mo‘minov bilan tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir yoshlar orasida ilm-fan va texnologiyalarni ommalashtirish, shuningdek, olimlar va talabalar o‘rtasida avlodlararo ilmiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Mo‘minov Ne’matilla Abdullayevich – O‘zbekistonning taniqli kibernetik olimlaridan biri, texnika fanlari doktori, professor va to‘rtta xalqaro akademiya, jumladan, “HERMES” xalqaro akademiyasi, “Бизнес”, “Инженерия” (Rossiya) va “Технология” (Ukraina) akademiyalari a’zosi. Uning ilmiy faoliyati hayratlanarli: 330 dan ortiq ilmiy ish, jumladan, 35 ta monografiya, 57 ta kitob, 19 ta maqola, 2 ta patent, 7 ta ixtiro, 56 ta ensiklopediyadagi maqola va 32 ta ma'ruza matnlari chop etilgan. Uning rahbarligida 31 nafar fan nomzodi va 11 nafar fan doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

SIUT talabalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda akademik Mo‘minov o‘zining talabalik yillari va sobiq Ittifoq davrida Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan boshqa vatandoshlari haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Akademikning ta’kidlashicha, aynan shu yerda u bilim bilan birga yetakchilik fazilatlarini rivojlantirib, ilmiy faoliyatini raqamli texnologiyalar va robototexnika bilan bog‘lashga ishtiyoq uyg‘otgan.

Talabalar akademikning ilhomlantiruvchi hikoyalarini hayrat bilan tinglab, qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

acad 2

Uchrashuvda O‘zFA Energetika va avtomatika ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi – Abdusapi G‘aniyev tomonidan akademik Mo‘minov bilan hammualliflikda nashr etilgan “Mezon – fidoiylik” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu asar 1950-1980-yillarda Rossiyada tahsil olgan o‘rta osiyolik talabalarning yorqin hayot yo‘llarini tasvirlaydi. O‘sha davrda, ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar Moskva va Leningraddagi (hozirgi Sankt-Peterburg) nufuzli oliy o‘quv yurtlarida muhandislik sohasida ta’lim olib, yuksak malakali mutaxassislar sifatida yetishib chiqqan.

Undagi qahramonlar – O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘ofurov, akademiklar Vosil Qobulov, Habib Abdullayev, Muhammadjon Urazboyev, Hamid Sulaymonov va boshqa taniqli shaxslar bugungi yoshlar uchun ibrat namunasi hisoblanadi.

SIUTda olima ayollar bilan uchrashuv: O‘zbekistonda xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi o‘rni

Kunning ikkinchi yarmida “Qizlar davrasi” klubi doirasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalarining taniqli olimalar Mo‘minova Lola Rahimovna va Aslanova Dilbar Xasanovna bilan uchrashuvi tashkil etildi. Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekiston ayollarining ilm-fandagi beqiyos roli bo‘ldi.

acad 5

Ushbu uchrashuvda ishtirokchilar ilm-fanda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati, ularning kasbiy o‘sishi va rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish zarurati haqida so‘z yuritdilar. Talabalar ilmiy faoliyatni shaxsiy hayot bilan qanday muvofiqlashtirish, ilm-fanda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar va stereotiplarga qarshi turish haqidagi savollari bilan mutaxassislarga yuzlandilar.

Uchrashuv ruhlantiruvchi bahs-munozaralarga boy bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zbek ayollari nafaqat ilm-fanda yuksak marralarni zabt etishga, balki yangi avlodlarni buyuk kashfiyotlar qilishga ilhomlantirishga qodir ekanliklarini ta’kidlashdi.

Ma‘lumot uchun: Mo‘minova Lola Rahimovna – pedagogika fanlari doktori, professor, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi ilmiy ishlar bo‘yicha direktori. U o‘z hayotini alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlashga bag‘ishlab, maxsus ilmiy maktab yaratdi. Lola Rahimovna ko‘plab ilmiy jurnallar, jumladan, “Bola va zamon” (O‘zbekiston), “Defektologiya” va “Almanak” (Rossiya), “Maxsus pedagogika” (Qozog‘iston) tahririyatlari a’zosi hisoblanadi. 2018-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlangan, 2024-yilda esa “Science & Innovation” xalqaro ilmiy nashri tomonidan “Yilning eng yaxshi olimi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

acad 1

L.R. Mo‘minova, shuningdek, Toshkentdagi Defektologlar Assotsiatsiyasining asoschisi va direktori hisoblanadi. 18-yanvar kuni SIUT va Assotsiatsiya o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Tomonlar inklyuziv ta'lim sohasida qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish, Samarqand va Toshkentda ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borish va natijalarini ta'lim jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.

acad 7

Aslanova Dilbar Xasanovna – Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori. 200 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 11 monografiya, 5 darslik va 5 o‘quv qo‘llanma muallifi hisoblanadi. Uning turizm, mehnat bozorlari va oliy ta’lim sohasidagi tadqiqotlari ilm-fan taraqqiyotga katta hissa qo‘shdi. Dilbar Xasanovna iqtidorli talabalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi va ularning aksariyati Alisher Navoiy hamda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari sovrindorlari bo‘lib, ilm-fan yo‘lida muvaffaqiyat qozonmoqda. 2020-yilda fan va taʼlimni rivojlantirishga qo‘shgan bebaho hissasi uchun “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

acad 4

SIUTdagi akademiklar va olima ayollar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ilm-fan va ta’limning yangi avlodlarni birlashtiruvchi kuchini yorqin namoyish etdi. Bu uchrashuv, shubhasiz, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va ularning kelajakdagi yutuqlariga ilhom baxsh etish maqsadida muhim qadam bo‘ldi desak yanglishmaymiz.