Skip to main content

Singapurlik mashhur rejissyor SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilariga seminar va mahorat darslari o‘tkazmoqda

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti AQShning “Resource Exchange International” (REI) tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etishni faol davom ettirmoqda. Bu tashabbus talabalar uchun mutaxassislar bilan bevosita ishlash va o‘z kasbiy mahoratlarini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi.

Joriy yilning 5-mart sanasidan boshlab SIUT tarkibidagi Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (KITC) “Dizayn” yo‘nalishi talabalariga taniqli singapurlik kinorejissyor, yozuvchi, muvaffaqiyatli tadbirkor va biznes-trener Ng Chenghan Josiah tomonidan eksklyuziv seminarlar va mahorat darslari tashkil etildi.

josiah 1

Darslar davomida mehmon mutaxassis talabalar bilan Singapurning rivojlanish modeli, ijodiy tafakkurning kuchi va strategik yondashuvlarning muvaffaqiyat kaliti ekani haqida qiziqarli ma’lumotlar ulashdi. Bugungi kunda jahonning eng rivojlangan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan Singapur o‘tgan asrning 50-yillarida iqtisodiy qoloqlikdan qiynalgan mamlakatlardan biri edi. Ammo qisqa vaqt ichida to‘g‘ri boshqaruv strategiyasi va innovatsion islohotlar orqali global moliya va texnologiya markaziga aylandi. Ng Chenghan Josiah ma’ruzalarida Singapur mo‘jizasi va uning asosiy me’mori – Li Kuan Yu haqida batafsil so‘z yuritdi.

Li Kuan Yu – strategik fikrlash, qat’iy tartib va innovatsion iqtisodiy islohotlar yordamida mamlakatni tubdan o‘zgartirgan yetakchi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan.

“Singapur nafaqat moliya va texnologiya markazi, balki tizimli va strategik yondashuvlar orqali muammolarni hal qilishga qodir davlat sifatida tan olingan. Men SIUT talabalari ham xuddi shunday fikrlash qobiliyatini rivojlantirib, kelajakdagi innovatorlar sifatida shakllanishlarini istayman.” – deydi janob Josiah.

Talabalar, shuningdek, Singapurning dizayn va muhandislik sohasidagi yutuqlari bilan tanishib, innovatsion yondashuvning real muammolarni hal etishdagi ahamiyatini o‘rgandilar.

Ng Chenghan Josiah talabalar uchun kutilmagan, ammo nihoyatda muhim mavzuga ham to‘xtalib o‘tdi – omma oldida chiqish qilish qo‘rquvi. Nima uchun aynan ushbu mavzu? Chunki o‘z g‘oyalarini ishonch bilan taqdim eta olmagan inson, hatto eng ajoyib ishlanmalarini ham ilgari sura olmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, omma oldida nutq so‘zlash qo‘rquvi insoniyatdagi eng keng tarqalgan fobiyalar qatorida birinchi o‘rinda turadi. Shu bois mutaxassis talabalar bilan nutq paytida asabiylikni yengish, nafasni boshqarish, tana holati va ishoralardan to‘g‘ri foydalanish, nutq mantiqiyligini shakllantirish usullari bo‘yicha tajribalar o‘tkazdi.

“Agar siz o‘z g‘oyalaringizni auditoriyaga yetkaza olmasangiz, dizayningiz oddiy bir chizmadan iborat bo‘lib qolaveradi. Dizayn bu – nafaqat chiroyli tasvir yaratish, balki fikr va g‘oyalarni strategik tarzda ifodalash san’atidir”, – deya ta’kidladi u.

Ng Chenghan Josiah SIUT professor-o‘qituvchilari uchun ham alohida mahorat darslari tashkil etdi. U dars jarayonini samarali tashkil etish, ijodiy metodlardan foydalanish va talabalar bilan interaktiv muloqotni kuchaytirish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi.

josiah 4

Ushbu mahorat darslari quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi:

    • “Brending va hikoya yaratish asoslari” (The Foundations of Branding & Storytelling) – vizual va konseptual g‘oyalarni shakllantirish texnikalari;
    • “Ta’sirchan taqdimot mahorati” (Effective Presentation Skills) – auditoriyani jalb qilish va ishonchli nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish usullari;
    • “Dizaynerlik va strategik fikrlash” (Strategy & Design Thinking) – ijodiy va tizimli metodologiyalar asosida samarali muammolarni hal qilish.

josiah 3

Seminar va mahorat darslari mart oyining oxirigacha davom etadi.

Ma’lumot uchun: Ng Chenghan Josiah – Singapurning yetakchi “Mothership” axborot portalining videobo‘limi rahbari, taniqli rejissyor va prodyuser. U avval “DDB Group Singapore” kompaniyasining kino va ijtimoiy media kontenti bo‘limiga rahbarlik qilgan bo‘lib, ikki mavsumli teleserial, ikkita telefilm va olti qisqa metrajli film ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etgan.

Film

U o‘z faoliyati davomida Rising Star (Hall of Fame 2016, Institute of Advertising Singapore), Ngee Ann Kongsi Gold Medal, Cathay Film Prize kabi nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Uning “Andre va uning zaytun daraxti” (André & His Olive Tree) hujjatli filmi tayvanlik oshpazning mukammallikka intilishi haqidagi hikoyani o‘z ichiga oladi va Tayvanda kassabop filmlar qatoridan joy olib, Netflix platformasida namoyish etilgan.