Samarqandda II Xalqaro “Navro‘z Regata” festivali: bahor, sport va doʻstlik nash’asi
Bahor faslining zavqli nafasi yurtimizga fayz, baraka va yasharish olib kirar ekan, tabiatning uyg‘onishi inson qalbida quvonch va ezgulik tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi. Navro‘z – nafaqat yangi faslning boshlanishi, balki tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat timsoli sifatida Sharq xalqlari uchun bebaho qadriyat sanaladi. Asrlar davomida bu qutlug‘ ayyom ezgu an’analarning yorqin ifodasi sifatida har yili katta shodiyona ila nishonlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 21-fevraldagi “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda ushbu bayramni “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” bosh g‘oyasi asosida, milliy qadriyatlar va zamonaviy tajribalar shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlash belgilandi.

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shukuhi jo‘sh urib, shahar va qishloqlarimiz bayram tantanalari bilan yanada charog‘on bo‘lmoqda. Shunga hamohang joriy yilda Samarqanddagi Navroʻz bayrami chinakam bahoriy shukuhda tashkil etildi. Quyosh nurlari ostida kuy-qoʻshiqlar yangrab, xalq sayillari shaharga fayz bagʻishladi. Bayramning eng yorqin lahzalaridan biri 21-mart kuni “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida boʻlib oʻtgan II Xalqaro “Navro‘z Regata” festivali boʻldi. Ushbu festival qadimiy an’analar, milliy rang-baranglik va mehmondoʻstlik ruhini oʻzida mujassam etdi. Tadbir Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, “Boqiy shahar” majmuasi, Xitoyning Shimoli-Sharqiy energetika universiteti (NEEPU), “Stekloplastik” MChJ, Oʻzbekiston “Rowing & Canoe” federatsiyasi, “Eriell” kompaniyalar Guruhi va “Coca-Cola Uzbekistan” hamkorligida o‘tkazildi.

Erta tongdan Boqiy Shahar majmuasi suv havzasi bo‘yida katta xalq sayili boshlandi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari Sharqning betakror qiyofasini gavdalantirib, milliy kuy va joʻshqin raqslar bilan boyitildi. Turli xalqlarning milliy oʻyinlari, “Tik Tur Brothers” akrobatlarining hayratlanarli tryuklari, rang-barang varraklarning osmonga parvozi hamda oʻzbek palovi, sumalak va sharqona shirinliklar bayramga yanada boy mazmun bagʻishladi.













SIUTning iste’dodli talabalari musiqiy va raqs chiqishlari bilan bayram kayfiyatini yanada boyitdi. Mashhur dizaynerlar “Happy Bird”, “Hamida Inoyatova Art Fashion”, “Shadi by Dilbar & Sitora”, “Asia Dress by Nazira”, “Abr Matolar” va “Hajar” brendlari tomonidan taqdim etilgan zamonaviy va milliy liboslar kolleksiyalari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu liboslar Sharq modasining an’anaviy naqshlari va zamonaviy uslubining betakror uygʻunligini namoyish etdi.



Shuningdek, festival dasturidan ajoyib “Dragon boat” qayiqlarining tantanali suzishi o‘rin oldi. Ushbu shiddatli voqea minglab tomoshabinlarni jamlab, ularga unutilmas zavq bagʻishladi. Paradda xorijlik SIUT professorlari, turli tashkilotlar vakillari va Oʻzbekiston "Rowing & Canoe" federatsiyasi sportchilari ishtirok etdilar. Jamoaviy harakatlarning uygʻunligi, barabanlarning gumburlashi, suvning chapqillashi va sportchilarning gʻayrati barchani hayratga soldi.



Festival mehmonlari orasida koʻplab xorijlik olimlar ham bor edi. Bayram tadbiridan so‘ng ular taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

“Bu bayramda ishtirok etish katta sharaf. Samarqand va O‘zbekiston xalqiga tinchlik, do‘stlik va taraqqiyot tilayman. Bu yurtning mehmondo‘stligi va xalqlar ahilligi qoyil qoldirdi. Festival esa do‘stlik va hamkorlik timsoli. Kayfiyatim a’lo, ob-havo ham ajoyib! Bu iliq mehmondo‘stlikni yurtimdagilarga albatta so‘zlab beraman,” – Kamerunlik SIUT professori Jimbo Claver.

Janubiy Afrikalik SIUT professori Annemarie Basson esa quyidagicha fikr bildirdi:
“Bu festival har yili eng yorqin lahzalarni tuhfa etadi! Navro‘z va Samarqand – unutilmas taassurot manbai. Men uni o‘zining moviy osmoni va nafis ko‘rinishi sabab “Moviy shahrim” deb atayman. Uch yildirki, Samarqand meni maftun etishda davom etmoqda! Samarqand – yuragimga muhrlangan shahar!”


SIUTning xalqaro hamkorlari ham Samarqand aholisi va mehmonlarini bayram bilan qutlab, o‘z tilaklarini yo‘lladilar. Xususan, Parijdagi Temuriylar madaniyati va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi hammuasisi va prezidenti, Samarqandning faxriy fuqarosi Frédérique Beaupertuis-Bressand (Fransiya) hamda Hoseo universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Jun Mo Kang (Janubiy Koreya) o‘z tabriklarini yo‘lladilar.

Bugungi kunda “Navro‘z Regata” – nafaqat bahor va sport bayrami, balki butun dunyodan mehmonlarni oʻziga jalb etuvchi nufuzli xalqaro tadbirga aylanmoqda. Festival an’anaviy va zamonaviy qadriyatlarni, sport va madaniyatni, milliylik va xalqaro doʻstlikni uygʻunlashtirib, haqiqiy birlashtiruvchi kuchga aylanmoqda.
Kelgusi yilgi “Navro‘z Regata”da yana uchrashguncha!
