Skip to main content

To‘g‘ri tanlov – yorqin kelajak: 43-IDUM bitiruvchilari bilan kasb tanlashga oid uchrashuv tashkil etildi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari maktab bitiruvchilari bilan tizimli muloqotlarni davom ettirmoqda. Joriy yilning 14-aprel kuni navbatdagi uchrashuv Samarqand shahridagi 43-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida (43-IDUM) bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari va maktabning 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.

school 43 4

Fransuz tiliga ixtisoslashgan ushbu ta’lim dargohida bo‘lib o‘tgan uchrashuv nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – yoshlarni zamonaviy muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik va boshqa istiqbolli sohalar bilan tanishtirish, ularni kasb tanlashda yo‘naltirish hamda oliy ta’lim sari dadil qadam tashlashga ilhomlantirishdir.

school 43 3

Dastlab universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev so‘zga chiqib, so‘nggi uch yil davomida SIUTda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar va kelgusi istiqboldagi rejalar hamda mavjud ta’lim yo‘nalishlari, ayniqsa yangi o‘quv yilida faoliyatini boshlaydigan Fransuz oliy muhandislik maktabi (French Higher School of Engineering) haqida batafsil ma’lumot berdi. Mazkur muhandislik maktabi Fransiyaning ilg‘or ta’lim modellari asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalar geologiya, konchilik ishi, neft-gaz muhandisligi va kimyoviy texnologiyalar kabi yo‘nalishlarni chuqur o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishadi.

school 43 2

Ushbu yangilik ayniqsa 43-IDUM jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, chunki maktab fransuz tiliga ixtisoslashgan. Endilikda maktab bitiruvchilari o‘zlari mukammal o‘zlashtirgan fransuz tilini zamonaviy muhandislik bilimlari bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Uchrashuv davomida xorijlik professor-o‘qituvchilar: Tillar departamenti direktori prof. Joseph Stark (AQSh), Matematika va fizika fanlari kafedrasi mudiri, professor Jimbo Claver (Kamerun) hamda Yahia Ouahmed Meziane (Fransiya)ning chiqishlari bitiruvchilarga katta qiziqish uyg‘otdi va o‘quvchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

school 43 5

“Bugungi maktab o‘quvchilari – ertangi muhandislar, ixtirochilar, texnologlar. Sizlar hozirdanoq dunyoqarashingizni kengaytirishingiz, imkoniyatlarni ilg‘ab olishingiz kerak. Biz esa bunga ko‘maklashishga doim tayyormiz,” — deydi professor Jembo Henri.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ushbu tashabbusni davom ettiradi.  Kelgusi haftalarda viloyatimizda joylashgan 105-, 88-, 98-, 70- va 29-maktablarda ham shunday uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.