Skip to main content

SIUT va Frankofoniya tashkiloti o‘rtasida memorandum imzolandi

2025-yilning 14-aprel kuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Frankofoniya tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum SIUT va Fransuz hamjamiyati o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida strategik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi desak mubolg‘a bo’lmaydi.

FrUZ 2

Uchrashuv davomida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev va Frankofoniya tashkiloti direktori, janob Yann Librati hamkorlik istiqbollari, fransuz ta’lim modelining O‘zbekistondagi integratsiyasi va yosh avlodga xalqaro imkoniyatlar yaratish borasida fikr almashdilar. Uchrashuv iliq va samimiy muhitda o‘tib, tomonlar o‘zaro ishonch va do‘stlik ruhida kelgusidagi amaliy harakatlarni muhokama qildilar.

Memorandum doirasida tomonlar fransuz tilini o‘rgatish, uni targ‘ib qilish, akademik va madaniy almashinuv hamda ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar. Uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri — SIUT tarkibida Fransuz oliy muhandislik maktabi(instituti)ni (French Higher School of Engineering) tashkil etish tashabbusining amaliy bosqichga o‘tgani bo‘ldi. Maktab 2025-yil sentabr oyidan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, u xalqaro muhandislik ta’limining ilg‘or tajribasini O‘zbekistonga olib kiradi hamda Konchilik va Geologiya kabi muhim ta’lim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

FrUZ 1

Shuningdek, memorandum quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

    • Fransuz tilini o‘qitish va malakali o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha ko‘mak;
    • Fransiyadagi yetakchi texnologik universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
    • Tajribali fransuz professorlarini SIUTga jalb etish;
    • Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
    • Talaba va o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlari, yozgi maktablar va treninglarni tashkil etish;
    • Fransuz madaniyatiga oid tadbirlar, forumlar va festivallarda SIUT ishtirokini kengaytirish.

Mazkur memorandum SIUT talabalari uchun Fransiyada tahsil olish, xalqaro darajadagi muhandislik bilimlarini egallash, xorijiy tajriba va madaniyat bilan bevosita tanishish imkoniyatlarini ochadi. Bu esa yoshlarimizni global mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.