Skip to main content

SIUTda yangi “Biznes” yo‘nalishi ochilmoqda

2025/2026-o‘quv yili uchun qabul doirasida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “École Française” – Fransuz oliy muhandislik maktabi (instituti) tarkibida yangi “Biznes” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat dasturi ochiladi. Bu — konchilik ishi va geologiya kabi muhandislik yo‘nalishlaridan keyin, Fransiya bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan uchinchi ta’lim yo‘nalishidir.

Yangi dastur ochilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil mart oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir. Ushbu tashrif doirasida SIUT negizida Fransuz oliy muhandislik maktabini tashkil etish va uni Yevropa standartlari asosida malakali mutaxassislar tayyorlaydigan akademik markazga aylantirish bo‘yicha strategik kelishuvlar imzolangan edi.

fr business 5

Biznes yo‘nalishi — hozirgi mehnat bozori talablariga mos ravishda menejment, tadbirkorlik va xalqaro tijorat sohalarida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Dastur mazmuni Fransiyadagi ilg‘or biznes ta’lim tajribasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni Markaziy Osiyo sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan. Talabalar fransuz tilida ta’lim olib, nufuzli xalqaro kompaniyalar va Fransiyadagi hamkor universitetlarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

fr business 1

2025-yilning 2-may kuni SIUTda Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi hamkorlik va madaniy aloqalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi – janob Denis Duclos hamda Samarqand shahridagi “Alliance Française” ijrochi direktori Marjolaine Le Gallo xonim ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida yangi dasturga oid tashkiliy masalalar, bosqichma-bosqich fransuz tilida ta’limni joriy etish, kirish imtihonlarini ishlab chiqish, ilg’or ta’lim texnologiyalarini qo’llash va SIUT kutubxonasini zamonaviy fransuz adabiyoti bilan boyitish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Janob Duclos yangi ta’lim dasturlariga Yevropa kun tartibining ustuvor yo‘nalishlari — ekologiya va barqaror rivojlanish mavzularini integratsiya qilish taklifini ilgari surdi.

fr business 4

fr business 2

O‘z navbatida “Alliance Française” vakillari esa Fransuz oliy maktabi (instituti) dasturlarini keng jamoatchilikka yetkazishda mamlakatdagi fransuz maktablari bilan hamkorlik qilish va zarur axboriy hamda tashkiliy yordam ko‘rsatishga o‘zlarining ochiqligini va amaliy yondashuvini bildirdilar.

SIUTda “Biznes” yo‘nalishining joriy etilishi fransuz tilida ta’lim beruvchi ko‘p bosqichli va zamonaviy akademik tizimni shakllantirish yo‘lida konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qadam bo‘lib, mazkur tashabbus universitetning xalqaro nufuzini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni mustahkamlash va muhandislik ta’limi sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib oldilar.