Skip to main content

Mavlono va Alisher Navoiy: Xurosondan Anado‘luga tomon hikmat safari

2025-yilning 5-6-may kunlari Turkiya Respublikasining Ko‘nyo shahrida “Mavlono va Alisher Navoiy: Xurosondan Anado‘luga tomon hikmat safari” mavzusidagi I xalqaro simpoziumi o‘tkazildi. Jahonning 15 dan ziyod mamlakatlarini jamlagan mazkur simpoziumda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari Umedullo Mahmudov ishtirok etdi.

Simpoziumning asosiy tadbirlari 5-may sanasida boshlanib, bunda dunyoning turli mintaqalaridan simpoziumda qatnashish niyatida kelgan olimlar nomidan Mavlono bog‘ida daraxt nihollari o‘tqazildi. Shuningdek, “turk xalqida an’ana tusini olgan “Mavlononing Ko‘nyoga tashrifi kuni” sharafiga o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida jahonning turli nuqtalaridan kelgan olimlarning ishtiroki, bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi”, deydi simpozium tashkilotchilaridan biri professor Kemal Yavuz Ataman.

2

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari Umedullo Mahmudov simpoziumda o‘zining “Mavlono Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy maktublarining qiyosiy tahlili” mavzusidagi ilmiy ma’ruzasi bilan chiqish qildi.

3

Ma’ruzada Mavlono Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy ijodida maktub yozish an’anasining alohida o‘rin tutishi, har ikki ulug‘ mutafakkirning maktublarida saroy a’yonlari, donishmandlar, shogirdlar, umuman, jamiyatning turli qatlamlarining vakillariga yozgan maktublarida ularga nasihatlar, dunyoni anglash, uni obod etish, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida e’tibor berilishi zarur bo‘lgan jihatlar xususida so‘z yuritildi.

1

Simpozium dasturidan mehmonlar uchun Samo’ raqsi namoyishi o‘rin oldi shuningdek, shaharning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalar bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

Safar davomida Umedullo Mahmudov Istanbul shahrida joylashgan, jahonning nufuzli universitetlari qatoridan o‘rin egallagan Yildiz texnika universiteti til va adabiyot fakultetida bo‘lib, “Mavlono va Alisher Navoiy: mushtarak ko‘ngillar in’ikosi” mavzusida ma’ruza qildi. Bundan tashqari, ushbu universitetning Til va adabiyot fakulteti rahbari muhtarama Sevim Yilmaz O‘nder xonim bilan SIUT o‘zbek tili va madaniyati markazi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, birgalikda ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turkiy xalqlar xususan, o‘zbek hamda turk xalqlarining tili, madaniyati, qadriyati hamda an’analarini hamjihatlikda targ‘ib va tashviq etishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib borildi.