Skip to main content

Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabining yangi ta’lim dasturlari poytaxt yoshlari e’tiborida

2025-yilning 15-may sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshidagi Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabi (French Higher School of Engineering and Commerce – FHSEC) vakillari Toshkent shahridagi fransuz tilida o‘qitiladigan ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

FHSEC dekani professor Jimbo Claver hamda professor Yahyo Mezian Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan 112- va 355-sonli maktablar hamda Fransuz litseyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida SIUT huzurida joriy etilayotgan yangi bakalavriat dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ta’kidlanishicha, ushbu dasturlar Fransiyaning nufuzli “Grande École” modeli asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, yuqori sifatli muhandislik, texnologiya va biznes ta’limini taklif etadi.

2

FHSEC ta’lim konsepsiyasi zamonaviy kasb-hunar ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan dual ta’lim tizimiga asoslanadi. Bu model nazariy bilimlarni ishlab chiqarishdagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtiradi, bu esa talabalarni real mehnat bozori sharoitlariga tayyorlaydi.

Dasturlar to‘liq fransuz tilida olib boriladi. Talabalar SIUTda tahsil olish bilan birga, Fransiyadagi hamkor universitetlarda o‘qish va ORANO hamda “Nurlikum Mining” kabi yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, dastur keng ko‘lamli xalqaro almashinuv imkoniyatlarini taqdim etadi. Bu esa talabalarni global muhitda raqobatbardosh, ochiq fikrli va mustaqil mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.

6

FHSEC tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilning mart oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida ilgari surilgan bo‘lib, bu tashabbus SIUT rahbariyatining Fransiyadagi hamkorlar va “Francophonia” tashkiloti bilan olib borgan muzokaralari natijasida shakllandi. Yangi oliy maktab faoliyati 2025-yil sentabr oyida rasmiy ravishda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

5

Uchrashuvlar davomida maktab bitiruvchilariga qabul jarayoni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. FHSEC dasturlariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar fransuz tili va matematika fanlaridan kirish imtihonlarini topshirishlari lozim. Hujjatlar qabuli 2025-yil 15-iyulgacha davom etadi.

Tadbirlar chog‘ida maktab o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Bu esa FHSEC dasturiga nisbatan katta qiziqish va ishonch uyg‘onayotganini yaqqol namoyon etdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.