SIUT va Wayland Universiteti (AQSh) o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi
Joriy yilning 13-may kuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va AQShning 100 yildan ortiq tarixi va akademik an’analarga ega nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Wayland Universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ikki tomonlama akademik almashinuv, ilmiy izlanishlar va zamonaviy ta’lim dasturlarini rivojlantirishga qaratilgan kelgusi hamkorlik istiqbollari uchun eshik ochdi.

Memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik ko‘zda tutilgan:
- professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi;
- qo‘shma tadqiqot loyihalari va innovatsion faoliyat;
- o‘quv-uslubiy tajriba almashuvi va malaka oshirish dasturlari;
- aralash shakldagi (oflayn va onlayn) zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish;
- qisqa muddatli treninglar va stajirovkalar tashkil etish.
Ta’kidlash joizki, ushbu hamkorlikning mustahkam poydevorida universitetimiz birinchi prorektori (provost), oliy ta’lim sohasida 42 yillik tajribaga ega professor Bobby Hallning hissasi beqiyosdir. U kishining chuqur bilim va tajribasi, shuningdek, mazkur universitet bilan yillar davomida shakllangan do‘stona aloqalari ushbu strategik hamkorlikning asosiy tayanchi va muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilishining muhim omiliga aylandi. Bobby Hall mazkur AQSh universitetida 18 yil davomida prorektor va 8 yil davomida rektor lavozimida faoliyat yuritgan. Professor Bobby Hall 2024-yildan buyon SIUTda, universitetning xalqaro aloqalarini rivojlantirish hamda ta’lim sifatini yuksaltirish yo‘lida faol hissa qo‘shib kelmoqda.




Ma’lumot o‘rnida, alohida ta’kidlash joizki, Wayland Universiteti 1908-yilda tashkil topgan bo‘lib, o‘z faoliyatini insonparvarlik qadriyatlari, ta’limdagi yuksak standartlar va xalqaro ochiqlik tamoyillariga tayangan holda olib boradi. Bugungi kunda u nafaqat AQShda, balki xalqaro kampuslari va onlayn ta’lim yo‘nalishlari orqali ham keng qamrovli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Universitet talabalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlovchi keng qamrovli dasturlari bilan ajralib turadi, jumladan, “Culture Shaping" va “Culture Crossing” loyihalari orqali Amerika, Osiyo, Afrika va Yevropadagi yetakchi ta’lim markazlarida o‘quv dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.

Ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, biznes boshqaruvi, kompyuter fanlari, raqamli marketing, geologiya, kimyo, matematika va grafik dizayn kabi muhim yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar ochmoqda. Ushbu sohalarda rejalashtirilayotgan qo‘shma dasturlar va akademik loyihalar SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun xalqaro tajriba orttirish, ilg‘or bilimlar almashish va zamonaviy ta’lim muhitida faol ishtirok etish imkonini beradi. Mazkur memorandum SIUT uchun xalqaro hamkorlik yo‘nalishida yangi sahifa ochdi. U nafaqat akademik aloqalarni mustahkamlash, balki universitetning global ta’lim makonidagi ishtirokini kengaytirish va zamonaviy, raqobatbardosh ta’lim modeliga mos rivojlanishiga xizmat qiladi.