Skip to main content

Xosiyatli hayotning 75 sahifasi: So‘zning xosiyati — Xosiyatning so‘zida

Samarqand adabiy muhitining durdona siymolaridan biri, yurtimizning faxri, ijodi bilan qalblardan o‘ziga xos o‘rin egallagan o‘zbek xalqining sevimli shoirasi,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi, SIUTning faxriy professori — Xosiyat Bobomurodova o‘zining tabarruk 75 yoshini keng jamoatchilik, adabiyot ahli va yoshlar e’tibori markazida qarshilamoqda.

XB 75 8

2025-yil 16-may kuni Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston adabiy jamoatchiligi va keng jamoa vakillari uchun unutilmas sana bo‘ldi — xalqimizning ardoqli shoira, publitsist, ustoz va madaniyat fidoyisi Xosiyat Bobomurodovaning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Gulxonaga aylansin Vatan” nomli badiiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

XB 75 6

XB 75 2

XB 75 9

XB 75 10

XB 75 11

XB 75 15

XB 75 16

Mazkur kecha — ijodkor shaxsiyatiga, milliy so‘zga, Vatanga sadoqat bilan bitilgan satrlarga, adabiyot orqali tarbiya beruvchi fidoyilikka ko‘rsatilgan yuksak hurmat ramziga aylandi. Tadbirda taniqli adib va shoirlar, davlat va jamoat arboblari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Samarqand viloyati hokimligi, OAV vakillari, talabalar, shogirdlar va shoiraning muxlislari ishtirok etdilar.

XB 75 7

Xosiyat Bobomurodovaning sermahsul ijod yo‘li, o‘ziga xos adabiy uslubi hayot haqiqatlari, Vatanga muhabbat, xalqona ruh va so‘zga sadoqat bilan yo‘g‘rilgan. Shoira ijodining badiiy qudrati adabiyot ahli tomonidan ko‘p bora e’tirof etilgan. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov X.Bobomurodovaning “Men suyib gul uzsam emasman jallod, Men uzmagan gullar qilsinlar faryod”, ikki satr she’ri uchun shoirani uyushma a’zoligiga qabul qilishini so‘ragan.

Shoiraning yuzlab kitoblari, dramalari, dostonlari, publitsistik maqolalari — bularning barchasi xalq qalbidan chuqur o‘rin olgan badiiy karvondir.

XB 75 12

Bugun Xosiyat Bobomurodova — Samarqand xalqaro texnologiya universitetining faxriy professori sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu yangilik ko‘pchilikni hayratga solgan bo‘lishi mumkin: texnika va muhandislik yo‘nalishidagi universitetda shoira qanday saboq beradi? Ammo bu savolga javob oddiy — zamonaviy bilimga, texnologik taraqqiyotga intilayotgan yoshlar, avvalo, o‘z ona tilini, madaniyatini, xalqining tarixini anglamog‘i kerak. Shu bois SIUT qoshida “O‘zbek tili va madaniyati markazi” tashkil etilib, barcha ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun maxsus “Vatan saboqlari” darsi joriy etildi va darslarni aynan Xosiyat opa olib bormoqda.

Zamonaviy universitet deganda faqat texnika va texnologiyalarni tasavvur qilamiz. Ammo SIUT — bu bilim va ruhiyat, tafakkur va qadriyat uyg‘unligiga tayanadigan yuksalish makoni. Bu dargohda nafaqat muhandislar va dasturchilar, balki Vatanga sadoqatli, tilga mehrli, xalq ruhiyatini anglay oladigan barkamol avlod yetishmoqda.

XB 75 14

XB 75 13

Xosiyat Bobomurodovaning SIUTdagi faoliyati yana bir tarixiy voqea bilan bog‘liq: u — universitet madhiyasining muallifidir. Oliygohimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan ushbu madhiyada universitetning ruhi, yoshlar orzusi, xalq iftixori jamlangan.

Gulxonaga aylansin Vatan,
Nurxonaga aylansin Vatan,
Darsxonaга aylansin Vatan,
Kelgil, bizning safimizga!

Bugun bu satrlar SIUT talabalari, ustozlari, hatto xorijlik professorlar tomonidan ham zavq bilan kuylanmoqda.

XB 75 1

Tantanali tadbirda SIUT rektori professor Yusuf Abdullaev shoiraning universitet hayotidagi o‘rnini alohida e’tirof etdi. Takidlanganidek, bugun universitet talabalari shoira ijodi orqali so‘zning jozibasi, milliy g‘urur, Vatanga sadoqat singari tuyg‘ular bilan tanishmoqda.

Xosiyat Bobomurodovaning hayoti — bu nafaqat adabiyotga bag‘ishlangan umrbod xizmat, balki yurtga, xalqga, yoshlarga qaratilgan sadoqatli maktabdir. Shoira 25 yoshidayoq mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olgan maktabga rahbarlik qilgan, adabiy-publitsistik maqolalari, she’riy to‘plamlari, dostonlari orqali o‘zbek adabiyotining mustahkam tayanchi bo‘lib kelmoqda. Uning asarlari tojik, rus, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilinishi esa uning ijodi qanchalik xalqaro e’tiborga sazovor ekanidan dalolat beradi.

Sizning har bir satringiz yuraklarga Vatan mehrini, elga sadoqat tuyg‘usini baxsh etadi. Ijodingiz – ilhom manbai, siymoyingiz – saboq va e’tirof timsolidir. Umringiz barakali, ilhomingiz bardavom bo‘lsin! Universitet jamoasi hamisha Siz bilan haqli ravishda faxrlanadi!

Shoira aytganidek:

Derlar shirin so‘zning gadolari ko‘p,
Yonib turgan ko‘zning adolari ko‘p.
Yurtlar bor hattoki, xudolari ko‘p,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir.