Skip to main content

O‘zbekistondagi yirik IT forumi — IT Community Roadshow Samarqandda bo‘lib o‘tdi

2025-yilning 17-may kuni “Silk Road Samarkand” turistik majmuasi O‘zbekistonning IT sohasidagi eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biriga — IT Community Roadshow forumiga mezbonlik qildi. Mazkur forum — raqamli texnologiyalar olamida o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lgan yoshlar, talabalar, mutaxassislar, shuningdek, yetakchi kompaniya va tashkilotlar vakillarini birlashtirgan yirik maydon bo‘ldi. Forum IT Community of Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan respublika miqyosidagi tur doirasida o‘tkazildi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ushbu forumning rasmiy hamkorlaridan biri sifatida IT Park, Uzum, OLX, Uzinfocom, Cloupard, Huawei, Women in Tech, School 21 kabi tashkilotlar qatorida ishtirok etdi. Universitet tomonidan taqdim etilgan zamonaviy infratuzilma va akademik muhit forum doirasidagi ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda muloqot sessiyalarining samarali va yuqori saviyada tashkil etilishiga zamin yaratdi.Forumda 250 dan ortiq ishtirokchi — maktab va kollej o‘quvchilari, talabalar, yangi va tajribali IT-mutaxassislar, frilanserlar faol qatnashdi.

roadshow 5

roadshow 15

Kun davomida ishtirokchilar quyidagi dolzarb mavzularni muhokama qilishdi:

    • IT sohasida karyera qurish va professional o‘sishni ta’minlash;
    • frilans imkoniyatlari va shaxsiy brend yaratishning strategik jihatlari;
    • innovatsion startaplarni boshlash uchun zarur vositalar va yondashuvlar.

roadshow 2

Forumning eng ilhomlantiruvchi va e’tiborga molik chiqishlaridan biri SIUT tarkibidagi “School of Computing” dekani, professor Mohammad Galetyning sun’iy intellektga bag‘ishlangan chuqur tahliliy va amaliy yechimlarga boy ma’ruzasi bo‘ldi. U sun’iy intellekt sohasidagi global tendensiyalar, shuningdek, uning sanoat, ta’lim va kundalik hayotdagi qo‘llanilish istiqbollari haqida atroflicha to‘xtaldi. Professor o‘zining boy xalqaro tajribasiga tayanar ekan, IT mutaxassislarini tayyorlashda puxta nazariy bilimlar va fanlararo yondashuv muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.

roadshow 13

Shuningdek, TalentLab platformasi asoschisi, MDHdagi eng taniqli IT sohasida “headhunter”lardan biri Alyona Vladimirskayaning ma’ruzasi ham yig‘ilganlarga katta qiziqish uyg‘otdi. U dunyo mehnat bozoridagi global tendensiyalar, raqamli iqtisodiyotda muvaffaqiyatli karyera qurish yo‘llari haqida to‘xtalib, ishtirokchilar savollariga batafsil javob berdi.

roadshow 12

Forum doirasida xalqaro Women in Tech harakati vakillari tomonidan xotin-qizlarning IT sohasidagi o‘rni, gender tenglikning texnologik jamoalardagi ahamiyati haqida motivatsion sessiya o‘tkazildi.

roadshow 4

roadshow 9

roadshow 10

roadshow 16

roadshow 17

Tadbirning interaktiv va ochiq muloqotga yo‘naltirilgan formati ishtirokchilarga nafaqat IT sohasidagi so‘nggi yangiliklar va amaliy bilimlarni o‘zlashtirish, balki yetakchi mutaxassislar bilan bevosita suhbatlashish, fikr almashish va kelajakdagi hamkorliklar uchun mustahkam professional aloqalar o‘rnatish imkonini berdi. Forum davomida ishtirokchilar turli viktorinalar, ijodiy va mantiqiy interaktiv mashg‘ulotlar, shuningdek, ochiq muloqot va muhokamalar orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi va yangi tajriba orttirishdi.

“IT Community Roadshow” loyihasi 2024-yilning kuzida Toshkent shahridan start olib, olti oy ichida O‘zbekistonning 16 shahrini qamrab oldi. Qisqa vaqt mobaynida 2600 dan ortiq ishtirokchi tadbirlarda faol qatnashdi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha 2024-2025 o‘quv yili yakuniga qadar yana uchta shaharda forum o‘tkazish rejalashtirilgan.

roadshow 14

IT Community of Uzbekistan rahbari Shavkat Karimov forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida yoshlarga bo‘lgan chuqur ishonchini quyidagi so‘zlar bilan ifoda etdi:

“Biz har bir hududda iqtidorli va umidli yoshlar borligiga qat’iy ishonamiz. Ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zarur bo‘lgan eng muhim narsa — bu bilimga yo‘l, professional rivojlanish uchun amaliy imkoniyatlardir. Bugungi forum yana bir bor ko‘rsatdiki, Samarqand – bu faqat tarixiy markaz emas, balki zamonaviy texnologiyalarni egallashga intilayotgan, ilg‘or fikrli va yuqori salohiyatga ega yoshlar makonidir”.

Forumning muhim natijalaridan biri – SIUT yurtimizdagi yirik IT kompaniyalar bilan imzolangan ikki strategik hamkorlik bitimi bo‘ldi.

roadshow 18

Birinchi memorandum xalqaro Women in Tech harakati bilan tuzilib, texnologik ta’limda gender tengligini targ‘ib etish va IT sohasida qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Hujjat doirasida qo‘shma ta’lim tashabbuslari, treninglar, mentorlik dasturlari hamda kasbiy yo‘nalish berishga qaratilgan konsultativ ma’ruzalar nazarda tutilgan.

roadshow 19

Ikkinchi muhim kelishuv mamlakatdagi eng yirik “digital”, ya’ni raqamli mutaxassislar uyushmasi — IT Community of Uzbekistan bilan imzolandi. Ushbu hamkorlik SIUT talabalari uchun innovatsion IT loyihalarda ishtirok etish, xakatonlar, amaliyot dasturlari va yetakchi kompaniyalar bilan qo‘shma o‘quv tashabbuslarida faol qatnashish imkonini beradi.

Ushbu forum nafaqat texnologik bilim almashinuvi balki, zamonaviy g‘oyalar, innovatsion tashabbuslar va istiqbolli hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratdi. Turli soha vakillarining ishtiroki, fikrlar almashinuvi va amaliy muloqotlar orqali forum IT ekotizimidagi barcha ishtirokchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

SIUT uchun esa bu tadbir mamlakatda raqamli ta’limni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni akademik muhitga integratsiya qilish va IT sohasida global hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim bosqichga aylandi.