Bir piyola choy atrofida birlashgan madaniyatlar. Samarqandda “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” III Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi
2025-yilning 19-may kuni Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik majmuasining “Buyuk Samarqand” restoranida uchinchi bor o‘tkazilgan Xalqaro “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” festivali yana bir bor choy orqali xalqlar, qadriyatlar va madaniyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qildi. Bu yilgi festival “Choy — hayot sifatini yaxshilash uchun” (Tea for Better Lives) shiori ostida o‘tkazildi va o‘z mazmuni, ko‘lami hamda ruhiyati bilan xalqaro maydonda alohida e’tibor qozondi.
Festival YUNESKO Bosh konferentsiyasining 43-sessiyasi, XXR “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi hamda O‘zbekistonda e’lon qilingan “2025-yil – Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” doirasida tashkil etildi. Festival tashkilotchisi sifatida uch yildirki Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ushbu xalqaro an’anani izchil davom ettirib kelmoqda.


Festivalga doimgidek “Amir Tea Samarqand” choy kompaniyasi, “Eriell”, “Enter Engineering”, “SANEG” kabi yirik guruhlar, hamda Xitoyning yetakchi ilmiy va madaniy tashkilotlari homiylik qildi: “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi, Tyanszin fan va texnologiyalar universiteti (TUST), ZAFU universitetining Choyshunoslik va choy madaniyati instituti, Xalqaro choy madaniyati jamg‘armasi (ITCB), Xitoyning xorijiy tillardagi adabiyotlar nashriyoti (FLP, Pekin), TEA (Tyanszin) va PEA (Pekin) esperanto assotsiatsiyalari. Festival hamkorlari orasida: “Yinlu” (Xanchjou, Chjetszyan), “Jin Huang Porcelain” (Lilin, Xunan), “Shenzhen Biwu Tea Culture Communication Co., Ltd” (Shenchjen, Guangdong), “Jingzhaotang” (Uishan, Futszyan) kompaniyalari, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Shimoli-Sharqiy elektr energetikasi universiteti (Jilin) va Samarqanddagi Konfutsiy instituti ham bor edi.
Choy iste’mol uchun zarur boʻlgan dunyodagi eng muhim ekinlardan biri hisoblanadi, 5000 yildan oshiq tarixga ega boʻlgan bu noyob oʻsimlik bugungi kunda ham kishi salomatligida hamda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda muhim oʻrin tutadi. Choyning vatani Xitoydir, shuning uchun Xitoy choy madaniyati dunyoda eng mashhur madaniyatlardan biri hisoblanadi. 2022-yilda choy ishlab chiqarish va choy damlash bo’yicha xitoy an’anaviy texnikasi YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ob’yektlari roʻyxatiga kiritildi. Choy Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, O‘zbekistonliklar uchun oddiy ichimlik boʻlib qolmasdan, u yana bu malakatlar tarixi va madaniyatida ham muhim oʻrin tutadi.
Choyning uzoq tarixi, dunyo miqiyosida tutgan madaniy va iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda 2019-yil 19-dekabr Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21-mayni “Xalqaro choy kuni” deb e’lon qildi (A/RES/74/241 sonli qaror) va BMTga a’zo davlatlarni, shu jumladan, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va ilmiy doiralarni xalqaro choy kunini milliy ustuvorlikka muvofiq tarzda choyning ahamiyati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali munosib nishonlashga dav’at etdi.



Festivalning asosiy maqsadi – choy ichish an’analari orqali turli xalqlarni madaniy muloqot maydonida birlashtirish, yoshlarda tarixiy merosga nisbatan qiziqish uyg‘otish va choyni zamonaviy turmush madaniyati bilan uyg‘unlashtirib mahalliy aholini turli mamlakatlar choy madaniyati bilan tanishtirish, choy marosimlari bilan oshno qilishdan iboratdir.

O‘zining tabrik so‘zida Samarqand viloyati hokimining maslahatchisi Nazir Alievich Ibragimov bunday xalqaro tadbirlarning aynan Samarqandda o‘tkazilishi muhimligini ta’kidladi. Chunki Samarqand asrlar davomida madaniyatlar, an’analar va Buyuk Ipak yo‘lining asosiy chorrahalarining birida joylashgan bo‘lib, bu yo‘llarda choy har doim alohida o‘rin egallab kelgan.



Festival ishtirokchilariga quyidagi taniqli arboblar samimiy videomurojaat bilan murojaat qildilar:
Janob Yu Jun — Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi; Professor Wang Xufeng — choyshunoslik sohasidagi yetakchi mutaxassis, mashhur yozuvchi, jumladan, “Choy ustalari trilogiyasi” kabi ko‘plab badiiy va ilmiy asarlar muallifi; Janob Hu Kaimin — Xitoy Xalq Respublikasidagi Xorijiy tillardagi adabiyotlar nashriyoti (FLP) prezidenti, Xitoy esperanto ligasining (ĈEL) vitse-prezidenti; Professor Wu Zhenjun — Tyanszin fan va texnologiyalar universitetining (TUST) xalqaro hamkorlik bo‘limi direktori; Doktor Zhang Shuai— Xalqaro choy madaniyati jamg‘armasi (ITCB) rahbari va Chjeszyan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi universitetining (ZAFU) choyshunoslik va choy madaniyati instituti direktor o‘rinbosari; Janob Han Zuwu — Tyanszin esperanto assotsiatsiyasining faxriy prezidenti; Pekin esperanto assotsiatsiyasi (PEA) va Zizhuyuan tabiiy landshaft bog‘i ko‘rgazma majmuasi vakillari.
Ular o‘z videomurojaatlarida festivalning asosiy g‘oyasini alohida ta’kidladilar: choy — bu tinchlik, birlik va ilhom manbai. Har bir xalq uchun u faqat ichimlik emas, balki madaniy yodgorlik, falsafiy timsol va ruhiy aloqa vositasidir.

Shu bilan birga, “Teo, Amo kaj la Mondo” (“Choy, Muhabbat va Jahon”) xalqaro loyihasining turli mamlakatlardagi ishtirokchilari tomonidan dunyoning 50 dan ortiq til va lahjasida yozilgan videomurojaatlar — “Bugun siz choy ichdingizmi?” mavzusidagi ijodiy lavhalar SIUTga yuborildi. Bu lavhalar choy orqali insoniyatni bog‘laydigan umumiy madaniy qadriyatlarni yoritib berdi.


Festival dasturi doirasida mehmonlar uchun “Choy sirlarini kashf eting” nomli interaktiv viktorina, shuningdek, turli xalqlarning ohanglari, raqslari va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. SIUTda faoliyat yuritayotgan xorijlik professorlar esa o‘z yurtlaridagi choy marosimlari, sevimli choy navlari va har bir piyolaga singdirilgan ma’naviy-ruhiy ma’nolar bilan mehmonlarni tanishtirdilar.


Festival doirasida “Teo, Amo, kaj la Mondo” (“Choy, Muhabbat va Dunyo”) xalqaro tematik fotoko‘rgazmasi, shuningdek, SIUT hamda xitoylik hamkorlar tomonidan yaratilgan an’anaviy choy san’atining go‘zalligi va ma’naviy mazmunini ifodalovchi badiiy tasviriys an’at namunalari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Festival doirasida ishtirokchilar turli mamlakatlarning choy an’analari, marosimlari, rang-barang idishlari va turmush tarzi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.


Festivalning eng yorqin lahzalaridan biri SIUTning “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasi ijrosidagi sahnaviy chiqish bo‘ldi. Talabalar rang-barang milliy liboslarda Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Rossiya va O‘zbekiston choy marosimlarini sahnalashtirib, har bir xalqning mehmondo‘stligi, ehtiromi va madaniy aloqasini jonli ifodalashdi. Raqs, musiqa va sahna obrazlari orqali ular asosiy g‘oyani yetkazishdi desak adashmaymiz. Tadbir davomida SIUTning fidokor talabalar jamoasi Xitoy tomonidan taqdim etilgan faxriy diplom bilan taqdirlandi. Xitoy xattotligi va rangtasviri uslubida tayyorlangan ushbu diplomda nafaqat minnatdorchilik, balki xalqaro tinchlik va madaniy aloqalarning porloq kelajagi haqidagi ishonch ham mujassam edi.
Xitoy an’anaviy rangtasvir va xattotlik uslubida tayyorlangan diplomda quyidagilar qayd etilgan:
“Hurmatli Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari! “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” xalqaro festivallarini (2023–2025 yillar, I–III) tashkil etish va o‘tkazishga qo‘shgan fidokorona hissangiz va ko‘ngilli faoliyatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Umid qilamizki, choy madaniyati sohasidagi xalqaro almashinuvlar orqali siz Xitoy haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaysiz va tinchlik, ekologiya hamda barqaror taraqqiyotga faol hissa qo‘shasiz.”
Mazkur faxriy diplom “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasining asosiy tashkilotchilari — TUST, ITCB, ZAFU, Tyanszin esperanto assotsiatsiyasi (TEA), FLP nashriyoti va Pekin esperanto assotsiatsiyasi (PEA) tomonidan esperanto va xitoy tillarida tayyorlangan.
Shu kunlarda Pekin shahridagi Zizhuyuan bog‘ida “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 60 dan ortiq xitoy va xorijiy universitetlar, muzeylar, choy kompaniyalari va choy ixlosmandlari tomonidan 300 dan ziyod eksponat namoyish etilgan. O‘zbekiston nomidan ushbu ko‘rgazmada SIUT va “Amir Tea Samarqand” kompaniyasi ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaning o‘zbek segmentida “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” xalqaro festivaliga oid materiallar, “Buyuk Ipak yo‘li shaharlari” turkumida xitoy tilida chop etilgan “Samarqand tarjimai holi” kitobi, SIUT professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xosiyat Bobomurodovaning “Bir piyola choy” she’ri (Esperanto tilida: “Trinku tason da teo”), “Yalla” guruhining mashhur “Musiqiy choyxona” qo‘shig‘i, an’anaviy o‘zbek choy idishlari va “Amir Tea” kompaniyasining eng yaxshi choy namunalari namoyish etilmoqda. Mehmonlar ushbu choylarni ko‘rgazma joyining o‘zida tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Festival arafasida “Foreign Languages Press” nashriyoti SIUTga sovg‘a tariqasida 40 dan ortiq yangi kitob to‘plamini taqdim etdi. Ushbu kitoblar festivalda alohida ko‘rgazmaga qo‘yildi.


Festival nihoyasiga yetdi, ammo bu bayramning totli dami, bir piyola choy atrofida kechgan dil izhorlari va quvonchli lahzalari yuraklarda yana uzoq yashaydi. Axir, bir piyola choy insonlarni yaqinlashtira olsa, minglab choy atrofidagi suhbatlar butun dunyoni mehr, tinchlik va go‘zallik sari yetaklashi mumkin.
Navbatdagi “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” xalqaro festivalida uchrashguncha!
