Orzular sari ilk qadam: SIUTda Ochiq eshiklar kuni yoshlarni ilhomlantirdi
Bugun, 3-iyun kuni, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti abituriyentlar, maktab bitiruvchilari va ularning ota-onalari uchun o‘z eshiklarini keng ochdi. “Ochiq eshiklar kuni” doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir yoshlarga kasb tanlovi yo‘lida ishonchli yo‘nalish berish, ota-onalarga esa farzandlari ta’lim olishi mumkin bo‘lgan muhitni bevosita ko‘zdan kechirish va chuqur tasavvurga ega bo‘lish imkonini taqdim etdi.


Tadbir davomida mehmonlar SIUTda joriy etilgan xalqaro muhandislik dasturlari, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ikki diplomli ta’lim imkoniyatlari, grantlar va talabalar uchun yaratilgan qulay shart- sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Universitetning asosiy afzalliklaridan biri bu — xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan ikki diplomli dasturlar va dual ta’lim tizimidir. Bu tizim orqali talabalar o‘qish jarayonida nazariy bilim bilan birga amaliy ko‘nikmalarni ham yetakchi korxona va tashkilotlarida mustahkamlab boradilar. Tadbir mehmonlari SIUTda faoliyat yuritayotgan amerikalik, fransuz, koreyalik va xitoylik professor-o‘qituvchilar kabi bir qator xorijiy mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Ta’limning to‘liq ingliz tilida olib borilishi, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ochiq eshiklar kuni davomida abituriyentlar qabul jarayonlari, hujjatlar topshirish tartibi va test o‘tkaziladigan fanlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar olishdi.
“SIUT — bu oddiy universitet emas. Men aynan shu yerda orzularimdagi muhandislik ta’limini olishim mumkinligiga ishonch hosil qildim,” – deya fikr bildirdi toyloqlik abituriyent Eliboyev Samandar.
Abituriyentlarning ota-onalari ham universitetning zamonaviy yondashuvlari va xalqaro miqyosdagi rivojlanishidan mamnunlik bilan so‘z yuritdi.


Ochiq eshiklar kuni — SIUTning abituriyentlar bilan ilk uchrashuvi emas, ammo har safar bu uchrashuv yanada ko‘proq umid, ilhom va ishonch uyg‘otmoqda. Universitet o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsad — bilimdon, tashabbuskor va xalqaro maydonda raqobatbardosh muhandislarni tayyorlash yo‘lida izchil va qat’iy harakat qilmoqda.