TIIF–2025: SIUT muhandislik ta’limining sanoat bilan integratsiyalashuvini namoyish etdi
2025-yilning 9–12-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi (TIIF–2025) O‘zbekistonning jahon sarmoya xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Bu yilgi forumda 100 ga yaqin davlatdan 8000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Prezidentlar, bosh vazirlar, xalqaro moliyaviy institutlar, bank va fondlar rahbarlari, shuningdek, sanoat hamda innovatsiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislar Toshkentda jam bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot yo‘lining mustahkam investitsiyaviy asosga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Forumning asosiy investitsiyaviy ko‘rgazmasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti zamonaviy muhandis kadrlarini tayyorlashga qaratilgan ta’lim modelini taqdim etdi. Universitet Enera, Eriell Group va Enter Engineering kompaniyalari bilan birgalikda stendda ishtirok etdi. Bu hamkorlik SIUT’ning sanoat bilan chambarchas bog‘langan holda faoliyat yuritayotganini va ta’lim jarayonining ishlab chiqarishdan ajralmaganligini yaqqol tasdiqladi desak yanglishmaymiz.


Joriy yilgi forumda texnologik modernizatsiya, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, raqamli transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishlarni xalqaro hamkorlik va investitsiyalarni jalb etish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgiladi.
Ko‘rgazmada SIUT’ning sanoat bilan uzviy bog‘langan, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modeli keng yoritildi. Universitetda joriy etilgan xalqaro dasturlar, dual (ikki tomonlama) ta’lim tizimi, xorijiy universitetlar va yetakchi kompaniyalar bilan strategik hamkorlik zamonaviy muhandislik kadrlari tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yondashuv nafaqat nazariy bilimni, balki real ishlab chiqarish tajribasini ham o‘zida mujassam etadi.

Forum ishtirokchilariga Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga qaratilgan qator amaliy yechimlar namoyish etildi. Jumladan, “ikki diplomli” dasturlar, yetakchi sanoat korxonalarida tashkil etilgan stajirovkalar va ishlab chiqarish amaliyotlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ayniqsa, SIUT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — “Qayta tiklanuvchi energiya”, “Sun’iy intellekt” va “Raqamli iqtisodiyot” — TIIF–2025 kun tartibining markazida bo‘lgan barqaror rivojlanish va innovatsion taraqqiyot mavzulari bilan uzviy uyg‘unlikda bo‘ldi.
Mazkur forum muhandislik ta’limining O‘zbekistonda an’anaviy akademik yondashuv doirasidan chiqib, mamlakat iqtisodiyotining real tarmoqlari bilan chambarchas integratsiyalashayotganini ko‘rsatdi. Oliy ta’lim muassasalarining sanoat bilan hamkorligi investitsiyaviy loyihalarning ahamiyatini oshirib, yangi avlod muhandislarini tayyorlash jarayonini tizimli asosda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

— Investitsiya — bu nafaqat moliyaviy mablag‘, balki bilim, texnologiya va inson kapitalidir. SIUT bugungi talablar asosida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlaydigan salohiyatli ta’lim markazi sifatida shakllanmoqda, — dedi SIUT o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anvar Sayfullayev.

Universitetning TIIF–2025’dagi ishtiroki ta’lim va sanoat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Forum doirasida namoyish etilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy oliy ta’lim barqaror iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas omiliga aylanmoqda. Muhandislik yo‘nalishidagi universitetlar esa bugungi kunda inson kapitalini shakllantirish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda hal qiluvchi bo‘g‘inga aylanmoqda.