“SIUT IRBIS” basketbol jamoasi “Night League” chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi
2025-yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida 3x3 yo‘nalishidagi “Night League” basketbol chempionatining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Turnirda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan jamoalar 18+ va 35+ yosh toifalarida o‘zaro kuch sinashdilar. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti sharafini himoya qilgan “SIUT IRBIS” jamoasi 35+ toifasida faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medallariga sazovor bo‘ldi.

Musobaqa yuqori saviyadagi raqobat va kuchli sport ruhi bilan ajralib turdi. Maydonga tajribali basketbolchilar chiqib, har bir uchrashuvda keskin va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tdi. “SIUT IRBIS” jamoasi butun turnir davomida yuksak darajadagi jamoaviy birlik va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishni namoyon etdi. Finalda jamoamiz poytaxtning “Krokus Flight” jamoasiga qarshi shiddatli bahsda 14:12 hisobida imkoniyatni boy berdi.




Turnir yakunlariga ko‘ra, jamoamiz a’zosi Tamir Sugarsuren eng yaxshi basketbolchi (MVP — Most Valuable Player) deb e’tirof etildi.

SIUT “Irbis” jamoasining bu g‘alabasi universitet sport hayotining yorqin sahifalaridan biriga aylanishi bilan birga, talabalarimizga yangi marralarni zabt etishda turtki bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday natijalar — bu shunchaki g‘alaba emas, balki muntazam tayyorgarlik, jamoaviy mehnat va sportdagi tizimli yondashuvning yorqin samarasidir.
Universitet jamoasi nomidan “SIUT IRBIS” vakillarini ushbu yutuq bilan samimiy tabriklaymiz hamda kelgusi musobaqalarda ham yangi zafarlar tilaymiz!