Skip to main content

SIUT “TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasida o‘zining innovatsion ta’lim konsepsiyasini taqdim etdi

Joriy yilning 20–21-iyun kunlari Samarqand shahrida “TalabaExpo – 2025” nomli yirik mehnat yarmarkasi va kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

talaba 1

Ko‘rgazma Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, “Kelajakka qadam” markazi, “O‘zmilliybank” ATB va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazildi. Tadbir ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, vazirlik vakillari va nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ko‘rgazma “Kelajakka qadam” (“Kelajak sari qadam”) dasturi doirasida tashkil etilib, ushbu dastur O‘zmilliybank tomonidan ilgari surilgan va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes-g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning professional faoliyatidagi ilk qadamlarini moliyaviy rag‘batlantirishga qaratilgan.

“TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasining asosiy maqsadi — bitiruvchi yoshlarni mehnat bozorining real talablari bilan tanishtirish, ular uchun istiqbolli ish o‘rinlarini ochish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish va yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik muhitini shakllantirishga ko‘maklashishdir.Ko‘rgazma universitetlar, talabalar va ish beruvchilar o‘rtasidagi bevosita muloqot uchun amaliy maydonga aylandi — bu yerda zamonaviy kadrlar tayyorlash borasidagi dolzarb ehtiyojlar, bandlik imkoniyatlari va kasbiy yo‘nalishlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek ko‘rgazmada butun respublika bo‘ylab 300 ga yaqin yirik ish beruvchi korxonalar, moliyaviy muassasalar va minglab talabalar, bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi. Dastur doirasida turli mahorat darslari, treninglar va kasbga yo‘naltirish sessiyalari o‘tkazildi.

talaba 2

talaba 3

talaba 9

Ko‘rgazma davomida SIUT o‘zining ilg‘or muhandislik ta’lim yo‘nalishlarini taqdim etdi. Ular qatorida raqamli texnologiyalar, energetika, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik singari bugungi mehnat bozorida yuqori talabga ega yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. SIUT stendiga tashrif buyurganlar universitetda yo‘lga qo‘yilgan “ikki diplomli” dasturlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va yirik sanoat korxonalarida amaliy tayyorgarlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, universitetda joriy etilgan dual ta’lim tizimi — nazariya va amaliyotni uzviy bog‘lagan yondashuv — katta qiziqish uyg‘otdi.

talaba 4

talaba 6

“TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasi maktab bitiruvchilari uchun SIUTning ta’lim yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishib, o‘z kelajagini ishonch bilan tanlash imkonini yaratdi. Muhandislik, raqamli texnologiyalar, biznes va energetika kabi yo‘nalishlar abituriyentlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

talaba 7

Eslatib o‘tamiz, SIUTga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Abituriyentlar hujjatlarini 2025-yil 15-iyul (shu kuni ham)gacha rasmiy veb-sayt orqali onlayn tarzda yoki SIUT Qabul komissiyasi ofisiga tashrif buyurib topshirishlari mumkin.