Skip to main content

SIUTda kirish imtihonlari muvaffaqiyatli yakunlandi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida 2025/2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarining eng muhim bosqichlaridan biri — kirish imtihonlari yakuniga yetdi. Bu jarayon har bir abituriyent uchun nafaqat bilim sinovi, balki ulkan hayotiy qaror — ta’lim va kasb yo‘lini tanlashdagi mas’uliyatli qadamlardan biri bo‘ldi.

exams 2

SIUTda kirish imtihonlari uch bosqichda tashkil etildi: 16-iyun, 1 va 16-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan test sinovlari orqali yuzlab yoshlar o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyon qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Har bir imtihon kuni universitet hududida ota-onalar va abituriyentlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Imtihon jarayonlari onlayn translyatsiya qilindi va ota-onalar farzandlarining ishtirokini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

exams 3

exams 4

Universitet tomonidan tanlovning adolatli va sifatli o‘tishiga alohida e’tibor qaratildi. Test sinovlari maktab o‘quv dasturi bo‘yicha matematika va chet tili fanlari bo‘yicha tuzilgan bo‘lib, ular nafaqat akademik bilimlarni, balki abituriyentlarning analitik va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan edi. Xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lganlar (masalan, IELTS, TOEFL, SAT) uchun esa imtiyozlar belgilandi — bu ham universitetning xalqaro mezonlarga tayanuvchi yondashuvidan dalolat desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Imtihonlar jarayonida abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan uchrashgan SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev o‘z nutqida kasb tanlash jarayoni yoshlar hayotidagi eng muhim qarorlardan biri ekanini ta’kidladi.

exams 1

— Kasb tanlash — bu shunchaki diplom olish emas, balki insonning orzulari sari yo‘l ochishidir. Bu jarayonda to‘g‘ri yo‘lni tanlay olish — o‘zini topish, o‘z imkoniyatlarini anglash demak. SIUT esa ushbu yo‘lda yoshlar uchun ishonchli hamroh bo‘lishga tayyor, — dedi rektor.

Rektor, shuningdek, SIUTda ta’lim jarayoni amaliyotga yo‘naltirilganligi va xalqaro standartlarga mos yondashuvlar asosida shakllanayotganini ta’kidladi. Universitet bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni yetishtirishni o‘zining asosiy vazifasi sifatida belgilagan.

exams 5

Endilikda kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli yakunlagan abituriyentlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Ularni innovatsion o‘quv dasturlari, xalqaro amaliyotlar, talabalar almashinuvi loyihalari, ikki diplom (double degree) dasturlari hamda mazmunli va serqirra talabalik hayoti kutmoqda.

Sifatli ta’lim sari dadil va mas’uliyatli qadam qo‘ygan barcha yoshlarni samimiy tabriklaymiz! Yangi 2025/2026-o‘quv yilida uchrashguncha!