SIUT va Datang Buka New Energy: Energetikada innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sari
2025-yilning 17-iyul sanasida Samarqandda SIUT va Xitoyning yirik energetika kompaniyasi Datang Buka New Energy Co., Ltd. o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum O‘zbekistonda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda respublikada “yashil” energetikani rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi desak yanglishmaymiz.

Bu tarixiy voqea universitetimiz va “Fortune Global 500” ro‘yxatiga kirgan Xitoyning eng qudratli davlat energetika korporatsiyalaridan biri o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik rishtasidir. Memorandumning imzolanishi Xitoy-O‘zbekiston energetika aloqalarini yanada mustahkamlaydi, chunki “yashil” va past uglerodli energetikaga o‘tish – bugungi kunning asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
China Datang haqida qisqacha
2002-yilda tashkil etilgan China Datang bugungi kunga kelib 130 milliard AQSh dollaridan ortiq aktivlarga ega va umumiy quvvati 200 gigavattdan oshgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Bu quvvatning yarmi “yashil” energiyaga to‘g‘ri keladi.
China Datang xalqaro miqyosda o‘z faoliyatini jadal rivojlantirmoqda. So‘nggi yillarda korporatsiya “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi orqali 10 dan ortiq davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ham 8 ta xorijiy loyihani muvaffaqiyatli yakunlab, o‘zining xalqaro faoliyatini kengaytirdi.
China Datang O‘zbekiston energetika sektorida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan:
- “Buka Quyosh Elektr Stansiyasi” loyihasi – 2025-yil 30-sentyabrda elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan ushbu loyiha muhim bosqichda.
- Navoiy viloyatidagi shamol elektr stansiyasi – 1 GVt quvvatga ega bu loyiha bir yillik shamol o‘lchash bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi.
- Qo‘shma innovatsiyalar markazi – hozirda faoliyat yuritayotgan ushbu markazda o‘zbekistonlik energetiklar uchun o‘quv kurslari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va uchuvchisiz ekspluatatsiya sohasida qo‘shma laboratoriya, ilmiy loyihalar va standartlarni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


SIUT va “Datang Buka New Energy Co., Ltd.” o‘rtasida imzolangan memorandum bir nechta asosiy yo‘nalishlarda samarali hamkorlik uchun zamin yaratadi:
- Ilmiy-texnik hamkorlik. “China Datang”ning “yashil” energetikadagi tajribasini SIUTning fundamental va IT fanlaridagi salohiyati bilan birlashtirgan holda, tomonlar “Bir makon, bir yo‘l” qo‘shma innovatsiyalar markazi bazasida ilmiy almashinuvlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu innovatsion energiya texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston energetika sektorini modernizatsiya qilishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.
- Loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik. “China Datang” 2025-yilda bir qator yangi loyihalarni, jumladan, Buka quyosh elektr stansiyasining ikkinchi bosqichi, Parkent turistik zonasidagi quyosh loyihasi va Yangi Toshkentdagi demonstratsion baza kabilarni amalga oshirishga tayyorlanmoqda. SIUT ushbu loyihalarning ilmiy-tadqiqot komponentlarida faol ishtirok etib, “aqlli energiya” konsepsiyalarini joriy etishga hissa qo‘shishi rejalashtirilmoqda.
- Kadrlar almashinuvi va salohiyatni rivojlantirish. Memorandum SIUT professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun korporativ o‘quv va amaliy imkoniyatlarni yaratishni nazarda tutadi. Universitet bitiruvchilarini “China Datang”ning Buka va Navoiy shaharlaridagi obyektlarida stajirovkaga qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi, keyinchalik ishga joylashish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Bu dastur talabalarga qimmatli xalqaro amaliy tajriba hamda madaniyatlararo ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berishiga ishonchimiz komil. Shuningdek, energetika va elektr energetikasi bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli kurslar birgalikda ishlab chiqiladi.
- Ilmiy-tadqiqot hamkorligi. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar va tadqiqotlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa universitet va kompaniya ilmiy salohiyatining yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratadi.
Tomonlar ushbu kelishuv orqali uzoq muddatli va barqaror hamkorlikning mustahkam asoslarini yaratishni ko‘zlamoqda.



SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev va “China Datang” korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Van In xonim o‘zaro hamkorlikda ochiklik, moslashuvchanlik va ishonch prinsiplariga qat’iy sodiq qolishlarini alohida ta’kidladilar. Bu, o‘z navbatida, belgilangan umumiy maqsadlarga erishishda samaradorlikni ta’minlaydi.
Ushbu kelishuv nafaqat SIUTning ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini kuchaytiradi, balki O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ham muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda.