Skip to main content

SIUTda yangi o‘quv yili arafasida professor-o‘qituvchilar uchun seminarlar haftaligi o‘tkazildi

2025-yilning 18–22-avgust kunlari Samarqand xalqaro texnologiya universitetida professor-o‘qituvchilar uchun kasbiy mahoratni oshirish haftaligi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar universitet an’analariga aylangan bo‘lib, ta’lim sifatini yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot madaniyatini rivojlantirish hamda akademik hamjamiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

seminars 6

Haftalikning ochilishida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev so‘zga chiqib, pedagogik mahoratni oshirish universitetning strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi:

“Professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivoji — SIUTning kelajagi va xalqaro maydondagi nufuzining asosidir”, — dedi rektor.

Birinchi prorektor, professor Bobby Hall esa o‘z tabrik so‘zida universitet hayotidagi asosiy qadriyat — o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi muloqotga urg‘u berdi:

“Universitet tajribasining markazida, shubhasiz, o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi muloqot turadi. Aynan shu jarayon ta’lim sifati va samaradorligini belgilaydi. Ushbu haftadagi mashg‘ulotlar bu muloqotni yanada mazmunli, samarali va har bir talabaning muvaffaqiyatiga yo‘naltirilgan tarzda rivojlantirishga qaratilgan”, — deya ta’kidladi prof. B.Hall.

seminars 5

Mazkur seminarlar dasturi professor-o‘qituvchilarning takliflari asosida shakllantirilgan bo‘lib, ularning kasbiy manfaatlari va ehtiyojlarini to‘liq inobatga olish imkonini berdi.
Tadbirlarni tashkil etishda fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, SIUT professor-o‘qituvchilari hamda xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi. Alohida minnatdorlik universitetning uzoq yillik hamkori — Resource Exchange International (REI) tashkilotiga bildirildi. Mazkur hamkorlik tufayli SIUT muntazam ravishda xorijiy mutaxassislarni jalb etib, ta’lim jarayonini xalqaro tajriba bilan boyitib kelmoqda.

Seminarlar haftaligi quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi:

    • sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan ta’limda foydalanish bo‘yicha amaliy treninglar;
    • mutaxassislik fanlari kesimida maxsus sessiyalar;
    • fakultet va bo‘limlarda strategik uchrashuvlar;
    • Tillar markazi (2025/2026 o‘quv yilidan — Kommunikatsiyalar departamenti) o‘qituvchilari uchun alohida bo‘limlar.

seminars 1

seminars 4

Mazkur tuzilma nazariy bilim almashinuvini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishga hamda har bir bo‘limning vazifalarini muhokama qilishga imkon yaratdi. Shuningdek, haftalik davomida universitet jamoasiga yangi tayinlangan prorektor, dekan va professorlar hamda fakultet rahbarlari ishtirokida tanishtirildi. Ular o‘z ilmiy va pedagogik tajribalari bilan tanishtirib o‘tildi va SIUTdagi kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlari haqida qisqacha ma’lumot berdilar.

Dr. Arthur Schneider — SIUT professori, Kommunikatsiyalar departamenti direktori etib tayinlandi. Kolumbiya universiteti (Nyu-York) bitiruvchisi, Indoneziya, Tailand va Misrda katta tajribaga ega. Uning yondashuvi “talaba markazidagi ta’lim” tamoyiliga asoslangan.

Dr. Nancy Ackles — uch karra Fulbright stipendianti, 50 yildan ortiq ingliz tili o‘qitish bo‘yicha tajribaga ega, dunyo universitetlari til markazlariga, jumladan O‘zbekistondagi markazlarga ham maslahatchi sifatida xizmat qilgan.

Dr. Gena Bennett — amaliy tilshunoslik va zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha ekspert, korpus lingvistikasi, baholash, grammatika va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis.

Dr. Mohammed Reza Bahrami — Muhandislik maktabi dekani, Sankt-Peterburg politexnika universiteti bitiruvchisi, ilmiy laboratoriyalar tashkilotchisi va qo‘shma diplom dasturlarining tashabbuskori.

Dr. Shamila Janakiraman — Gavayi universiteti (Manoa) dotsenti, ta’limda o‘yin texnologiyalari va qo‘shimcha reallik bo‘yicha tadqiqotchi.

Dr. Randall Bruins — AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligida 35 yildan ortiq faoliyat yuritgan ekolog, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ma’ruza qildi. Hozirda ENACTUS Qozog‘istonda faoliyat yuritadi.

Dr. Erik Embang — Biznes maktabi dekani, menejment, iqtisod va boshqaruv bo‘yicha 20 yildan ortiq tajribaga ega.

Dr. Mohammad Gouse Galety — Kompyuter texnologiyalari maktabi dekani, sun’iy intellekt, “Internet of Things” (IoT) va mashinaviy o‘qitish bo‘yicha taniqli olim, AQSh Kongress kutubxonasida saqlanayotgan patent va monografiyalar muallifi.

Dr. Horane Diatta-Holgate — AQShning Notr-Dam universiteti professori, inklyuziv pedagogika va ta’lim kurslarini loyihalash bo‘yicha mutaxassis.

seminars 7

Shuningdek, o‘z ma’ruzalari bilan o‘quv bo‘limi boshlig‘i Islom Mamatov, kutubxona direktor o‘rinbosari Kirill Laptev va birinchi prorektor assistenti Jahongir Farhodov ham ishtirok etdi.

Seminarlar haftaligi yakunida rektor Yusuf Abdullayev ta’kidlaganidek, SIUT doimiy ravishda kadrlar salohiyatini rivojlantirish orqali yuqori standartlarni saqlab qolmoqda va raqobatbardosh akademik muhitni shakllantirmoqda.

Muxtasar qilib aytganda haftalik shuni ko‘rsatdiki, SIUT nafaqat talabalarga, balki ustozlarga ham o‘sish va rivojlanish maydonini yaratmoqda. Bu esa o‘z navbatida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish va universitetni global standartlarga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.