Skip to main content

SIUTdagi Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabi rahbariyati hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuke yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

2025-yilning 9-sentabr kuni Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Valid Fuke ilk bor rasmiy tashrif bilan Samarqand shahriga keldi. U o‘z faoliyatini shu yilning avgustida boshlagan edi.

Samarqand Fransuz Alyansida o‘tkazilgan uchrashuv shahar va viloyatimizdagi qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilarini birlashtirib, akademik va madaniy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.

france 3

Uchrashuvda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi tarkibida Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabi (French Higher School of Engineering and Commerce, FHSEC) dekani, professor Jimbo Claver hamda dekan o‘rinbosari Dilfuza Ataullayevalar ishtirok etdilar.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. 2025-yil mart oyida Parij shahrida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar. Jumladan, ta’lim sohasini ham qamrab olgan qator strategik hujjatlar imzolandi. Mazkur kelishuvlar kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va tajriba almashuvini yangi bosqichga olib chiqishga kuchli turtki bo‘ldi.

Ushbu hamkorlik doirasida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullaevning Nitsa shahrida “Frankofoniya” (Francophonia Organization) tashkiloti rahbari Yann Librati bilan uchrashuvi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Muzokaralar davomida SIUT qoshida Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, qisqa vaqt ichida ta’lim dasturlarini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqildi hamda Fransiyaning yetakchi ilmiy, ta’limiy va madaniy tashkilotlari bilan uzoq muddatli akademik hamkorlik konsepsiyasi shakllantirildi.

2025/2026 yangi o‘quv yilidan boshlab SIUTda Fransuz oliy muhandislik va biznes maktabining ilk talabalar guruhi o‘qishni boshladi. FHSEC dasturlari Fransiya ta’lim standartlariga asoslanib ishlab chiqilgan bo‘lib, ular zamonaviy global mehnat bozorining eng yuqori talablariga to‘liq javob beradi. Mazkur tashabbus frankofon akademik hamjamiyati bilan SIUT o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Janob Valid Fukening Samarqandga tashrifi diplomatik aloqalarning izchil davom etayotganini va Fransiyaning O‘zbekiston hududlari bilan akademik hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rsatdi. O‘z nutqida elchi universitetlar ilm-fan, ta’lim va madaniyatni birlashtirgan holda uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidladi. SIUT bilan Fransuz oliy muhandislik maktabi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va akademik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.

Uchrashuv SIUT uchun fransuz yo‘nalishidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi. Mazkur muloqot nafaqat universitetning xalqaro nufuzini mustahkamladi, balki fransuz hamkorlari bilan akademik sheriklikni yanada kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Kelgusi yillarda SIUT FHSEC dasturlarini yanada rivojlantirish, akademik almashinuvlarni faollashtirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda talabalar uchun amaliyot maydonlarini kengaytirish rejalashtirilgan.