Skip to main content

SIUT – Saneg – Ferkensco: neft-gaz muhandislarining yangi avlodini tayyorlash yo‘lida

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) va Ferkensco kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uch kunlik ta’limiy seminarlar talabalar uchun katta maktab bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Joriy yilning 16–18-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda talabalar nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlash, balki real sektor tajribasini o‘rganish, yetakchi mutaxassislar bilan yuzma-yuz muloqot qilish hamda bo‘lajak kasbiy yo‘nalishlarini aniq belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Seminarlar marafoni Saneg kompaniyasi neft va gaz qazib olish departamenti rahbari Andrey Vasil’yevich Grebenyovning ma’ruzasi bilan boshlandi. U zamonaviy qazib olish va qayta ishlash texnologiyalarini tizimli tahlil qilib, o‘zining xalqaro tajribasidan amaliy misollar keltirdi. Mutaxassis o‘z faoliyatidagi muhim tajribalaridan biri sifatida Kuba Respublikasidagi faoliyatini misol keltirib, cheklangan infratuzilma sharoitida ishlash, mahalliy sharoitlarga moslashgan texnologiyalarni joriy etish zarurati haqida talabalarga gapirib berdi. Uning ta’kidlashicha, muhandisning moslashuvchanligi va murakkab vaziyatlarda yechim topa olish mahorati — zamonaviy energetika sohasida muvaffaqiyatning asosiy kalitidir.

seminars 11

seminars 1

seminars 9

Shuningdek, seminar davomida Saneg kompaniyasining neft-gaz texnologiyasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Umidjon Xamroyev tashkilot tuzilmasi, strategik yo‘nalishlari va rivojlanish dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. U ayniqsa yosh mutaxassislar uchun yo‘lga qo‘yilgan tashabbuslar — mentorlik tizimi, individual rivojlanish rejalari va kasbiy mahorat tanlovlarini alohida ta’kidladi.

Ikkinchi kun: bo‘lajak muhandis-kimyogar uchun yangi yondashuvlar

Keyingi kuni “Saneg Elements” bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Aleksandr Aleksandrovich Lapenko neftni qayta ishlash korxonalarida muhandis-kimyogarning o‘rni va vazifalari haqida ma’ruza qildi. U jarayonlarni loyihalash, sanoat xavfsizligi, ma’lumotlarni tahlil qilish va zamonaviy dasturiy vositalardan foydalanish kabi yo‘nalishlarga alohida urg‘u berdi.

seminars 4

Aleksandr Lapenko fikricha, bugungi muhandis chuqur texnik bilim bilan bir qatorda kreativlik va noodatiy yechimlar topa olish qobiliyatiga ega bo‘lishi zarur. Talabalarga muhim fanlarni egallash hamda amaliyotlarni muvaffaqiyatli o‘tash bo‘yicha mutaxassis tomonidan aniq tavsiyalar berildi.

seminars 3

Uchinchi kun: geofizika va tog‘-konning zamonaviy manzarasi

Seminarlarning yakuniy qismi geofizika va tog‘-kon sanoatiga bag‘ishlandi. Saneg Konchilik-geofizika ishlari boshqarmasi boshlig‘i Ayrat Rimovich Sayaxov seysmik qidiruvdan tortib zaxiralarni hisoblashgacha bo‘lgan to‘liq geologik jarayonni batafsil tushuntirib, O‘zbekiston geologik tuzilishining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratdi.

seminars 10

seminars 8

seminars 5

Shuningdek, “Neofos” QK (Ferkensco) fosforit rudasi karyeri boshlig‘i – Muzaffar G‘afurovich Shirinov Navoiy viloyatidagi yirik loyihalar va zamonaviy tog‘-kon tajribalari haqida o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashdi.

Amaliy ta’lim – ishonchli kelajak kafolati

Muxtasar qilib aytganda, uch kunlik seminarlar talabalarga nazariy bilimni real sektor tajribasi bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi. Tadbirlar yakunida Saneg va Ferkensco vakillari universitet bilan hamkorlikni muntazam davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yaqin oylarda barcha yo‘nalish talabalari uchun yangi treninglar va ta’limiy dasturlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

seminars 6

— “Amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim — SIUTning bosh falsafasidir. Yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik talabalarimizga yuqori xalqaro standartlarga mos bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi”, — dedi SIUT Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Tulkun Irgashevich Samukov.

SIUTda joriy etilgan dual ta’lim tizimi o‘quv jarayonini yanada boyitmoqda: talabalar nazariy bilimlarni chuqur egallash bilan birga, soha korxonalarida stajirovka va amaliyot o‘tash orqali real ishlab chiqarish tajribasini ham orttirmoqda. Bu esa ularga mustahkam bilim bazasi, o‘z kuchiga ishonch, murakkab muhandislik qarorlarini qabul qilish ko‘nikmasi va zamonaviy mehnat bozorida muvaffaqiyatli moslashish qobiliyatini shakllantirib bermoqda.