SIUT talabalari Butunjahon yoshlar festivalida ishtirok etdi
Joriy yilning 17–21-sentyabr kunlari Rossiyaning Nijniy Novgorod shahri xalqaro muloqot va madaniy almashinuv maydoniga aylandi. Festivalda 120 mamlakatdan tashrif buyurgan 2 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan Butunjahon yoshlar festivali o‘tkazildi. Ushbu yirik forumda yosh yetakchilar zamonaviy davrning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, innovatsion loyihalarini taqdim etdilar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yangi aloqalar o‘rnatdilar.


Mazkur nufuzli anjumanda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti nomidan “School of Computing” fakulteti 2-bosqich talabalari — Samirjon Tursunov va Farangiz Bobokulovalar ishtirok etdilar.
Festival dasturi 80 dan ortiq interaktiv yo‘nalishni qamrab oldi. Unda sun’iy intellekt, media va ta’lim kabi dolzarb mavzularda “trend battle”, shuningdek, Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko, Nijniy Novgorod viloyati gubernatori (hokimi) Gleb Nikitin, Rossiyaning taniqli media vakillari va yirik tadbirkorlar ishtirokidagi biznes-suhbat sessiyalari o‘tkazildi. Ayniqsa, musiqiy va vizual effektlar orqali Rossiya tarixini o‘ziga xos tarzda yoritgan “Vaqt simfoniyasi” immersiv shousi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.




Festival doirasida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan 200 dan ziyod ekspertlar ishtirok etdi. Xalqaro media-markaz faoliyatida 34 davlat vakili bo‘lgan blogerlar ham qatnashib, festival voqealarini dunyoga yetkazishda faol ishtirok etdilar. Tadbir yoshlar uchun nafaqat muloqot maydoni, balki yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun haqiqiy platformaga aylandi. Jumladan, BRICS davlatlari uchun biznes-mentorlik dasturi ham yo‘lga qo‘yildi.

Samirjon Tursunov Festivalning tashabbuslar taqdimoti sho‘basida har bir inson — yoshidan qat’i nazar — o‘z shaxsiy yutuqlarini, jumladan diplom, sertifikat va boshqa tasdiqlangan natijalarni jamlay oladigan yagona raqamli platforma yaratish loyihasini taqdim etdi. Mazkur g‘oya ekspertlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi, xususan “Avito” kompaniyasi vakillari ushbu ishlanmani istiqbolli va amaliy ahamiyatga ega loyiha sifatida yuqori baholadilar.





Festival SIUT talabalari uchun nafaqat madaniy va ta’limiy tajriba, balki amaliy imkoniyatlar maktabiga aylandi. Yangi do‘stlar orttirishdi, yoshlarga oid dolzarb masalalar yuzasidan o‘z qarashlarini bildirishdi, investorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashib dunyo yosh yetakchilari bilan samarali muloqot olib borishdi.
Samirjon Tursunov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Festival men uchun butunlay yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Men yuzlab ishtirokchilar bilan tanishdim va hammamizni yagona g‘oya — dunyoni yanada yaxshiroq qilish istagi birlashtirayotganini his qildim. Shuningdek, Nijniy Novgorodning me’morchiligi, madaniy hayoti va samimiy muhit meni hayratda qoldirdi. Bu tajriba menga katta turtki berdi — endi men yangi aloqalar, kuchli motivatsiya va aniq maqsadlar bilan kelajakka qarayapman”.

Farangiz Bobokulova ham festival uning uchun yangi madaniyatlararo tajribalar eshigini ochib berganini, shuningdek, kelgusidagi akademik va kasbiy faoliyatida yangi ruh va kuchli motivatsiya manbaiga aylanganini alohida ta’kidladi.
Butunjahon yoshlar festivali SIUT talabalari uchun muhim tajriba bo‘ldi. U Samarqand yoshlari xalqaro muloqotda faol ishtirok etishga, bilim va g‘oya almashishga hamda kelajak uchun hissa qo‘shishga tayyor ekanini ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun: 2026-yilda festival Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu SIUT talabalari uchun yana bir imkoniyat — loyihalarini taqdim etish, xalqaro miqyosda o‘zini namoyon qilish va yoshlar hamkorligi maydonida yangi ufqlarni ochishdir.